O‘zbekistondagi barcha bog‘chalarga rivojlantiruvchi materiallar bepul tarqatiladi
O‘zbekiston maktabgacha ta’lim tizimi tarixida ilk bor respublikadagi barcha maktabgacha ta’lim muassasalariga rivojlantiruvchi bosma materiallar bepul taqdim etiladi, deb xabar berdi Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati.
O‘quv-uslubiy to‘plam tarkibiga husnixat daftarlari, mavzuga oid rejalashtirish bo‘yicha jurnallar, bolalarning turli yoshdagi guruhlari uchun kartochka va plakatlar kiradi.
2018-yil dekabr oyi oxirida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi poytaxtimiz va boshqa hududlardagi maktabgacha ta’lim muassasalarini o‘zbek va rus tillaridagi bepul bosma materiallari bilan ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli dasturni boshladi. Loyihaga jalb etilgan investitsiyalar miqdori 8 mlrd. so‘mni tashkil etdi. 2019-yilning yanvar oyi yakuniga qadar maktabgacha ta’lim muassasalariga 270 mingta husnixat uchun daftarlar, 18 mingta kartochkalar to‘plamlari, 10 mingta plakatlar to‘plami yetkazib beriladi. Tarbiyachilarga bolalar bilan mashg‘ulotlarni tashkil etishi uchun mavzuga oid rejalashtirish bo‘yicha jurnallar taqdim etiladi.
«Ishlab chiqarilgan bosma mahsulot respublikaning barcha maktabgacha ta’lim muassasalariga yetkazib beriladi. Kartochkalarning bir to‘plami mebel, kiyim-bosh, hayvonot olami, transport, sabzavotlar, bo‘g‘inlar, raqamlar va boshqa turli mavzulardagi 27ta kichik to‘plamlardan iborat. O‘xshash tartibda plakatlar to‘plami ham yig‘ilgan bo‘lib, u cholg‘u asboblari, yo‘l harakati qoidalari, kasblar, yil fasllari kabi va boshqamavzuga oid 20ta plakatlar to‘plamini o‘z ichiga oladi. Respublikaning har bir maktabgacha ta’lim muassasasiga uning kattaligiga bog‘liq holda 1 dan 3 tagacha to‘plamlar ajratib beriladi, bu esa guruhlar o‘rtasida kichik to‘plamlarning vaqti-vaqti bilan almashinishi sharti bilan 100 foiz bolalarni rivojlantiruvchi bosma mahsulot bilan ta’minlab beradi. Maktabgacha ta’lim muassasasining har bir 6 yoshli tarbiyalanuvchisi husnixatga ega bo‘ladi. Maktabgacha ta’lim vazirligi ta’kidlashicha, ota-onalar shuni yodda tutishi kerakki, barcha materiallar bepul asosda taqdim etiladi. Maktabgacha ta’lim muassasasi ma’muriyati tomonidan suiiste’mollik holatlariga yo‘l qo‘yilgan holda, bu haqda quyidagi telefon raqami orqali xabar berishingizni so‘raymiz: +99871 215-52-79», — deydi Maktabgacha ta’lim vazirligi Sifat nazorati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Vitaliy Kim.
Birinchi navbatda, respublikaning qishloq hududlaridagi maktabgacha ta’lim muassasalari bosma materiallar bilan ta’minlanib, ushbu holat ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilash imkonini beradi. Viloyatlardagi maktabgacha ta’lim muassasalariga husnixatlarning 83 foizi, plakatlarning 90 foizi va rivojlantiruvchi kartochkalarning 89 foizi yetkazib beriladi. Qo‘llanmalar mayda motorikani, e’tiborni, fikrlash va tasavvur etishni rivojlantirish uchun mo‘ljallangan vazifalardan, shuningdek, bolaning qo‘lini xatga tayyorlovchi an’anaviy mashqlardan va mantiqiy vazifalardan iborat. O‘zbek, rus va ingliz tillaridagi rang-barang kartochkalar bilish jarayonlarini faollashtirishga hamda bardosh, toqat, yuqori natijalarga erishishga intilish hissiyotlarini kuchaytirishga yordam beradi.
Kelgusi yilda maktabgacha ta’lim muassasalari uchun bosma mahsulot va o‘yinchoqlarni ishlab chiqarishga 25 mlrd. so‘m yo‘naltirish rejalashtirilmoqda.
Har bir maktabgacha ta’lim muassasasi rivojlantiruvchi to‘plamlarni olish jarayoni va tasdig‘ini Maktabgacha ta’lim vazirligining www.mdo.uz rasmiy sayti orqali tekshirish mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter