Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

 O‘zbekistonda uchinchi fan va atom festivali o‘tkazilmoqda

 O‘zbekistonda uchinchi fan va atom festivali o‘tkazilmoqda

— Kim aytadi «Tamper» nima?

— a) musiqachi, b) Yadroviy portlovchi qobiq, v)....

Ikki guruhga bo‘lingan o‘quvchilar javoblarni maslahatlashish uchun bahsga kirishadi...

16-17 dekabr kunlari «Moskva muhandislik-fizika instituti» Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent filialida o‘tkazilgan uchinchi «Fan va atom» festivali ana shunday intellektual o‘yinlar bilan taassurotlarga boy bo‘ldi.

Festival tashkilotchisi «O‘zatom» agentligi va «Rosatom» davlat korporatsiyasi ko‘magida Toshkent shahridagi atom texnologiyalari axborot markazi (ATAM) hisoblanadi.

Bunday festivallar dunyoning yadro sanoati va yadro texnologiyalari rivojlanayotgan ko‘plab mamlakatlarida o‘tkaziladi. Bangladesh, Hindiston, Belarus, Armaniston, Misr, Vetnam, Indoneziya shular jumlasidan.

2019 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan festival ikkita platformada: Moskva muhandislik-fizika instituti Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent shahridagi filiali, shuningdek, onlayn – Axborot markazining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida o‘tkaziladi.

Xo‘sh, festivalni o‘tkazishdan maqsad nima?

— Maqsad yoshlarga yadro fani va texnologiyalari sohasidagi so‘nggi yutuqlar va ularning ushbu sohaga qiziqishni ommalashtirishdan iborat, — dedi festivalning maxsus mehmoni, taniqli rossiyalik yadro fanini ommalashtiruvchi, yadro-fizik, ilmiy bloger Dmitriy Gorchakov. — Bunday festivallar orqali yoshlar ilm-fan nafaqat foydali, balki ilm-fan fizika tili bilan aytadigan bo‘lsak, modda ekanligiga ishonch hosil qilishadi. Bu uchrashuv ilm-fan va innovatsiyalarni ommalashtirish, yoshlarni zamonaviy texnologiyalar bilan tanishtirish va ishtirokchilarning yadroviy mavzudagi savollariga javob topishiga katta hissa qo‘shadi. Ularning barchasini yagona g‘oya birlashtiradi – zamonaviy yadro texnologiyalari bilan tanishish hamda iqtisodiyot va barcha fanni talab qiluvchi tarmoqlarni rivojlantirishda tinch atomning o‘rni qay darajada ekanligini anglashadi.

 – «Fan va atom» festivali O‘zbekiston yoshlari e’tiborini tortganidan xursandmiz. Mamlakatimizda atom energetikasi, yadro texnologiyasi va ilm-fanga jiddiy qiziqish bildirayotgan yoshlar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Maktab o‘quvchilari va talabalar ta’lim va ilm-fan zamonaviy texnologiyalar bilan chambarchas bog‘langan yangi formatlarga faol javob berishmoqda, – deydi atom texnologiyalari axborot markazi rahbari Gulruxsor Ravshanova. — Festivaldan ko‘zlangan maqsad texnologiya rivoji tufayli bugungi kunda yoshlar uchun ochilayotgan imkoniyatlar haqida so‘zlab berish, talaba va maktab o‘quvchilarida fan bilan shug‘ullanishga qiziqish uyg‘otishdan iborat. Festival ishtirokchilarga yadro texnologiyalari inson hayoti sifatini yaxshilashga qanday hissa qo‘shishi, ularning turli sohalarda – sanoat, qishloq xo‘jaligi, tibbiyotda qo‘llanilishi va mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni haqida ma’lumot olish imkonini beradi. Umid qilamizki, bunday tadbirlar yaxshi an’anaga aylanadi.

Bu soha haqida talabalarning fikri qanday?

—Men fizika fanidan olimpiadalarga qatnashardim. Va maktabni bitiradigan yilim qat’iy qarorga keldim. Fizika nafaqat formulalarni maktabda yoshlarga o‘rgatuvchi fan, balki qishloq xo‘jaligi deysizmi, ishlab chiqarish deysizmi barchasiga kerak ekanligini anglab yetdim,— deydi «Yadro fizikasi va texnologiyasi» yo‘nalishi talabasi Mahbuba Shayxnazarova. — Bu yerda bitta darsni qoldirsangiz imtihonni topshirolmaysiz, ya’ni bitta dars qoldirish degani formulada adashish degani. Formulada esa umuman adashish mumkin emas. Festivalga kelsak, hozirdanoq ko‘rayapman, bu yerga kelgan o‘quvchilarning ko‘pchiligida shu sohaga ishtiyoq uyg‘ongani ularning savollari ko‘pligidan ma’lum.

Tadbirning ikki kunlik dasturi doirasida o‘rta maktab, litsey o‘quvchilari va mehmonlar yangi kampusga ekskursiya qildilar. Talabalarning ma’ruzalari, mutaxassislarning chiqishlari, munozaralar va ilmiy o‘yinlar yoshlarni yanada faollashishga undadi. Festivalning eng zukko va zehnli ishtirokchilari maxsus sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Eslatib o‘tamiz, bu yerda 221 nafar talaba «Moskva muhandislik-fizika instituti» Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent filialida «Atom energetikasi va issiqlik fizikasi», «Issiqlik energiyasi va issiqlik fizikasi», «Yadro fizikasi va texnologiyalari», «Elektr energetikasi va elektrotexnika» yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring