O‘zbekistonda tajriba sifatida kinoa o‘simligi yetishtirilmoqda - Qishloq xo‘jaligi vazirligi
O‘zbekiston uchun mutlaqo yangi bo‘lgan kinoa o‘simligi yetishtirilmoqda. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
2019-yilda Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA) o‘rtasida strategik hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Vazir Jamshid Xodjayev va ICBA bosh direktori Ismaxane Yeloufai o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan edi.
Jamshid Xodjayevning aytishicha, Qoraqalpog‘iston respublikasida kinoa ekish bo‘yicha 4 ta yer uchastkalarida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilmoqda.
Kelishuvga muvofiq, tomonlar sho‘rlanishni boshqarish hamda yer va suv unumdorligini oshirish sohasida ham hamkorlik qilishadi.
Bundan tashqari, hamkorlikdagi faoliyat iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish, ekotizim xizmatlarini va agroekotizimning barqarorligini baholash orqali ekologik barqarorlik bo‘yicha chora-tadbirlarni tadqiq etishga qaratiladi.
ICBA tovar va oziq-ovqat ekinlari, shu jumladan, yig‘im-terim, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va marketing, qishloq joylarida hayot kechirish uchun zarur shart-sharoitlar, oziq-ovqat xavfsizligi va oziq-ovqat ta’minoti uchun qo‘shimcha qiymat zanjirini rivojlantirish bo‘yicha siyosat va strategiyalarni ishlab chiqishda yordam beradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter