O‘zbekistonda smartfonlarning IMEI-kodini tekshiradigan sayt ishga tushdi
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi tomonidan ayni daqiqalarda Aloqa tarixi muzeyida «Respublikamiz hududlarida mobil aloqa tarmoqlarini kengaytirish va mobil qurilmalarni hisobga olish va ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida» matbuot anjumani o‘tkazmoqda.
Unda bugungi kunda mamlakatimizda 22 milliondan ziyod mobil aloqa abonentlari, shuningdek, 16 milliondan ko‘proq mobil internet foydalanuvchilari mavjudligi ma’lum qilindi.
Matbuot anjumani doirasida respublikamiz uchun yangi bo‘lgan xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodlari (IMEI) bo‘yicha mobil qurilmalarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-oktyabrdagi 847-sonli «O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini joriy etish taqdimoti o‘tkazildi.
«Xabar.uz» muxbirining xabar berishicha, maxsus UZIMEI.UZ sayti ishlab chiqildi.
Qayd etilishicha, endilikda telefon sotib olishdan avval qurilma IMEI-kodi maqomini to‘g‘riligini – UZIMEI.UZ tizimining rasmiy saytidan tekshirib olish tavsiya etiladi.
Buning uchun avval IMEI raqamini olish kerak. Uni olish uchun telefon klaviaturasida *#06# teriladi va uni saytda ko‘rsatilgan maydonchaga qo‘yib, tekshiriladi. Tekshirish xizmati mutlaqo bepul.
IMEIni kiritganingizdan so‘ng, agar qurilma «qora ro‘yxat»da turmasa, quyidagi xabar keladi: «Siz kiritgan IMEI raqami GSM Xalqaro assotsiatsiyasida belgilangan tavsiyalarga mos keldi. Foydalanish ruxsat etildi».
Shu orqali qurilma «qora ro‘yxat»dami yoki yo‘qmi aniqlab olish imkoni bo‘ladi.
O‘zbekiston GSM-operatorlari tarmog‘idagi barcha mobil uskunalarni avtomatik tarzda qayd etish ishlari haqida saytimiz orqali yana batafsil ma’lumot beramiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter