O‘zbekistonda ommaviy emlash majburiy qilinishi mumkin
So‘nggi kunlarda mamlakatimizda ommaviy emlash tadbirlarini majburiy qilishga chaqiriqlar tez-tez yangramoqda. Avvaliga bir qator deputatlar bu «tashabbus» bilan chiqishgandi, endi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov ham shunday taklif bildirmoqda.
Uning aytishicha, «yurtimizda aholining koronavirusga qarshi emlanishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan bo‘lsa-da, o‘tgan 3 oydan ortiq vaqt davomida xalqimizning vaksina jarayonlaridagi faolligi, shijoati va tashabbuskorligi» sezilmadi.
«Hatto, xavf guruhiga kiruvchi 65 yoshdan yuqori bo‘lgan aholi vakillari ham bu jarayonlarda sust ishtirok etayotgani mutaxassis sifatida meni hayron qoldirdi.
Ajablanarlisi shuki, o‘tgan uch oydan ko‘proq vaqt mobaynida respublika bo‘yicha 4 million 300 ming doza vaksina ishlatilgan bo‘lsa-da, to‘liq (ikki va uch bosqichli) emlash kursini olgan aholimiz soni 850 ming nafardan ozgina ortdi. Bu degani endigina respublikamiz aholisining shuncha qismini to‘liq emladik va aniqroq aytsak, ularda emlashdan keyingi immunitetni shakllantirishga erishdik, xolos.
Aslida xalqimiz ongida hukumat hamma xarajatni o‘z zimmasiga oladi, desa davlat bundan qandaydir manfaatdor, degan g‘alati fikr shakllanib qolgan.
Vaholanki, bu sa’y-harakatlar, eng avvalo, aholi salomatligi yo‘lida amalga oshirilmoqda. Qolaversa, bu orqali davlatimiz epidemik barqarorlikni ta’minlagan holda xalqimizga iqtisodiy manfaatni nazarda tutmoqda.
Biroq buni hamma ham birdek tushunayotgani, to‘g‘ri anglayotgani yo‘q. Aksincha ayrimlar ijtimoiy tarmoqlar orqali emlash to‘g‘risida turli asossiz fikrlar tarqatishga, odamlar ongida vaksina haqida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otishga urinmoqda.
Ba’zi fuqarolar esa noto‘g‘ri fikrlarga ishonib, o‘zi va yaqinlarini vaksina olishdan to‘smoqda. Eng yomoni, ular bu bilan kasallikning aholi orasida yanada keng tarqalishiga zamin yaratayotir.
Shu bois, mening nazarimda mamlakatimizda ommaviy emlashni majburiy qilsak, yurtdoshlarimizning vaksina olishga bo‘lgan mas’uliyati yanada ortadi, unga munosabati o‘zgaradi», deydi Nurmat Otabekov.
Qayd etilishcha, bugun mamlakatimizdagi mavjud emlash punktlarida bir kunda 130-140 ming nafar fuqaro COVID-19ga qarshi emlanmoqda. Bu raqam juda kam. Chunki, har bir emlash punktlari va brigadalari bir kunda 70 nafar odamni emlash imkoniyati bo‘lgan bir paytda, biz uning teng yarim imkoniyatidan foydalanayapmiz.
Mutaxassisning aytishicha, aholining 60-70 foizida jamoaviy immunitetni shakllantirmasdan turib, biz bu kasallikni yenga olmaymiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter