Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda olxo‘ri eksporti o‘tgan yilgi rekord ko‘rsatkichdan ancha past

O‘zbekistonda olxo‘ri eksporti o‘tgan yilgi rekord ko‘rsatkichdan ancha past

Joriy mavsumda O‘zbekistondan yangi olxo‘ri eksporti hajmi o‘tgan va 2019-yildagi rekord ko‘rsatkichlardan past, ammo o‘tgan besh yildagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori, deya qayd etadi EastFruit tahlilchilari.

Bu yil yurtimizda olxo‘ri hosilini eksport qilish mavsumi may oyining birinchi o‘n kunligida, o‘tgan yilga nisbatan taxminan bir hafta – o‘n kun oldin boshlandi. Savdo statistikasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilning may oyi boshidan avgust oyi oxirigacha O‘zbekiston 35,6 ming tonna yangi olxo‘ri eksport qilib, umumiy qiymati 15,7 million dollarni tashkil etdi.

O‘tgan yili o‘zbek olxo‘ri eksporti bo‘yicha mutlaq rekord o‘rnatildi – 2022-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston 48,5 ming tonna eksport qildi, may-avgust oylarida esa eksport hajmi 46,8 ming tonnani tashkil etdi.

Boshqacha qilib aytganda, joriy mavsum boshlanganidan beri o‘tgan to‘rt oy ichida o‘zbek olxo‘ri eksporti hajmi o‘tgan yilning shu davridagi rekord ko‘rsatkichdan qariyb chorak va 2019-yilning shu davriga nisbatan 10 foizga past bo‘ldi.

Joriy mavsumda olxo‘ri eksporti pasayishining asosiy omillari nisbatan past hosil va ichki olxo‘ri narxining yuqoriligidir. 2023-yilning iyun va iyul oylarida ushbu mahsulotlarning o‘rtacha ulgurji narxi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘rtacha 70 foizga yuqori bo‘lgan, joriy yilning avgust oyida esa bu mahsulotlarning o‘rtacha ulgurji narxi o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan taxminan 3 baravar yuqori bo‘lgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring