O‘zbekistonda madaniy boyliklar o‘g‘rilarini 20 yilgacha qamash taklif qilinmoqda
Madaniy, tarixiy, arxeologik qimmatga ega bo‘lgan ashyolar va kolleksiyalarni qalbakilashtirish orqali talon-toroj qilish, ularni bojxona chegarasidan noqonuniy o‘tkazish bilan bog‘liq bir qator holatlarni O‘zbekiston qonunchiligida jinoyat deb malakalash va unga tegishli tartibda jinoiy javobgarlik belgilash taklif qilinmoqda.
Jumladan, tegishli qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual kodekslariga qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, Jinoyat kodeksi 169-1,169-2 va 182-1-moddalar bilan to‘ldirilmoqda.
Unga ko‘ra, 169-1-modda «Madaniy boyliklarni qonunga xilof ravishda egallash» holatiga huquqiy baho beradi va madaniy boyliklarni o‘g‘rilik yoki firibgarlik yo‘li bilan egallaganlik (1-qism) uchun besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.
Shuningdek, «o‘sha harakat:
a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
b) bir guruh shaxslar tomonidan;
v) o‘zlashtirish, rastrata qilish yoxud mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan;
g) talonchilik yo‘li bilan;
d) tovlamachilik yo‘li bilan sodir etilgan bo‘lsa, –
o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakat:
a) bosqinchilik yo‘li bilan sodir etilgan bo‘lsa;
b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa;
v) og‘ir oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa, —
o‘n besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan qilmishlarni sodir etgan shaxs o‘z ixtiyori bilan aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida hokimiyat organlariga arz qilsa va madaniy boyliklarni topshirsa, ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.»
Jinoyat kodeksiga yangi taklif qilinayotgan 169-2-modda (O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlar xalqlarining madaniy boyliklarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga qaytarmaslik)ga ko‘ra esa O‘zbekiston hududidan olib chiqib ketilgan O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar xalqlarining madaniy boyliklarini belgilangan muddatlarda O‘zbekistonga qaytarmaslik, agar bunday qaytarish qonunchilikka asosan majburiy hisoblansa, uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, hujjat loyihasiga ko‘ra «qonunga xilof ravishda moddiy madaniy boyliklarni O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan o‘tkazish» (182-1-modda) besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter