IIV hamda Bosh prokuratura koronavirus bilan bog‘liq soxta xabarlar tarqatayotgan akkauntlarni aniqladi
Mamlakatimizdagi haqiqiy vaziyatni soxtalashtirib talqin qilayotgan, aholi orasida vahima keltirib chiqarishga qaratilgan, fuqarolar totuvligini buzish va vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatgan ijtimoiy tarmoqlardagi 33 ta akkaunt aniqlangan. Bu haqda ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, IIVda Bosh prokuratura hamda boshqa mutasaddi organlar bilan birgalikda aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar va materiallarni, shuningdek, fuqarolar totuvligini buzish, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatish hamda jamiyatda qaror topgan xulq-atvor qoidalariga va jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan barcha qilmishlarni aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha ishchi guruh faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Bugungi kunga kelib, ishchi guruh tomonidan koronavirus haqida haqiqiy vaziyatni soxtalashtirib talqin qilayotgan, aholi orasida vahima keltirib chiqarishga qaratilgan, fuqarolar totuvligini buzish va vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatgan ijtimoiy tarmoqlardagi 33 ta akkaunt aniqlangan. Ulardan 25 tasi xorijiy mamlakatlardagi foydalanuvchilarga, 8 tasi esa O‘zbekiston fuqarolariga tegishli. Hozirda ushbu fuqarolarning shaxsi aniqlanib, tegishli tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, virusga chalingan hamda karantinda bo‘lgan fuqarolarning shaxslarini ommaga tarqatgan ikki nafar fuqaro aniqlanib, ularning harakatlariga huquqiy baho berilmoqda.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi foydalanuvchilar tomonidan soxta va asossiz ma’lumotlarni tarqatayotgan 13 nafar fuqaro aniqlanib, ularning to‘qqiz nafari bilan profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi. To‘rt nafarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunda belgilangan tartibda jazo choralari ko‘riladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter