Ko‘pxotinlilikka ruxsat berilgani bo‘yicha mish-mishlarga aniqlik kiritildi
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bir xabar ko‘pchilikning e’tiborini tortdi:
«Iye? Rostanmi?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 8-noyabrdagi PQ-2535-sonli Qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi aholisi sonini ko‘paytirish, demografiyani oshirish maqsadida ikkinchi xotinga uylanishga ruxsat etildi. Qaror asl nusxasi Lex.uz saytiga joylashtirildi».
Biz ushbu masala yuzasidan Adliya vazirligiga murojaat qildik.
Vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sevara O‘rinboyeva vaziyatga quyidagicha izoh berib o‘tdi:
«Mazkur xabar mutlaqo soxta bo‘lib, buni isbotlovchi bir nechta faktlarni keltirib o‘tamiz.
Birinchidan, Vazirlar Mahkamasi qarorlarining qayd raqami oldidan harfli qisqartmalar qo‘llanilmaydi. Normativ-huquqiy hujjatlarning qayd raqamidagi «PQ» shaklidagi qisqartmalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlariga nisbatan qo‘llaniladi.
Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari milliy bazasi (www.lex.uz)da O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-2535-son qarori mutlaqo mavjud emas.
Ma’lumot uchun: «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 29-moddasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari e’lon qilinadigan rasmiy manbalardan biri hisoblanadi.
Uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga muvofiq ko‘p xotinli bo‘lish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Albatta, keltirib o‘tilgan xabar uning muallifi tomonidan kishilarning e’tiborini o‘ziga qaratish, ko‘proq obunachilarni to‘plash yoki boshqa maqsadlarda tarqatilgan bo‘lishi mumkindir, ammo xabarni tarqatishdan avval masalaning boshqa tarafi haqida ham o‘ylash lozim edi. Chunki bu kabi xabarlar aholining asl haqiqatdan chalg‘ishiga va ularda davlat organlarining qonun hujjatlarini ishlab chiqish faoliyatiga nisbatan turli salbiy fikrlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shuningdek bunday xabarlarning tarqalishi qonun hujjatlariga nisbatan hurmatsizlik bo‘lishi bilan birga aholi o‘rtasida xuddi shunday hurmatsizlik kayfiyatining uyg‘onishiga, bu orqali fuqarolarning davlat va uning organlariga bo‘lgan ishonchining pasayishiga ham olib kelishi mumkin.
Yuqoridagilardan xulosa qilgan holda ijtimoiy tarmoqlarda qonun hujjatlari bo‘yicha har xil mish-mishlar va boshqa uydirmalar tarqatish har jihatdan maqsadga muvofiq emas deb hisoblaymiz. Fuqarolarga esa bunday xabarlarga duch kelganlarida ularning to‘g‘riligi bo‘yicha xulosa chiqarishga shoshilmasdan darhol Qonun hujjatlari milliy bazasi va boshqa ishonchli manbalar orqali berilgan ma’lumotdagi faktlarning qanchalik to‘g‘ri ekanligini tekshirishlari lozimligini bildiramiz».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter