Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Adliya vazirligi kannabis yetishtirishga nima uchun ruxsat berilganini izohladi

Adliya vazirligi kannabis yetishtirishga nima uchun ruxsat berilganini izohladi

Foto:«Inventure»

Ijtimoiy tarmoqlarda kannabis o‘simligi yetishtirishga ruxsat berilganiga oid xabarlar turli talqinlar va tushunmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda. Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi mazkur xabarlar yuzasidan tushuntirish berib o‘tdi.

Kannabis o‘zi nima, ushbu o‘simlikni yetishtirishga nega ruxsat etildi, endi giyohvand modda bemalol ekiladimi kabi savollarga javob berish orqali masalaga biroz oydinlik kiritishni lozim deb topdik.

Birinchidan. Kuni kecha Prezident tomonidan «Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi Qonun imzolandi.

Unga ko‘ra, endilikda kannabis o‘simligi yuridik shaxslar tomonidan sanoat maqsadlari uchun yetishtirilishi mumkin.

Kannabis – tarkibida 0,2 foizgacha miqdorda tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasi mavjud bo‘lgan o‘simlik.

Albatta bunda mazkur faoliyatni amalga oshirishga tegishli litsenziyaga asosan ruxsat etiladi.

Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni ishlab chiqarish va tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lmagan, sanoat maqsadlarida yetishtirilishiga va muomalada bo‘lishiga ruxsat etilgan kannabis o‘simligining navlari, ularning yetishtirilish va muomalada bo‘lish shartlari Hukumat tomonidan belgilab beriladi.

Demak, istagan odam istagan joyida ushbu o‘simlikni yetishtiravermaydi.

Ikkinchidan. Giyohvandlik vositalari to‘g‘risida Yagona konvensiyasida (1961-yil 30-mart, Nyu-York) kannabisni sanoat va bog‘dorchilik maqsadlarida yetishtirishga ruxsat etilgan.

O‘zbekiston ushbu Konvensiyaga 1995-yil 24-fevralda qo‘shilgan bo‘lib, demak hozirga qadar ham mazkur o‘simlikni sanoat va bog‘dorchilik maqsadlarida yetishtirishi mumkin edi.

Ta’kidlash joizki, texnik kannabisdan 30 dan ortiq turli nomlanishdagi sanoat mahsulotlari, jumladan tibbiyot (kannabidiol), yoqilg‘i, to‘qimachilik, yengil sanoat, qog‘oz, qurilish va boshqa tarmoqlar uchun xom ashyo mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Shu bilan birga, uni yetishtirish nisbatan kam xarajat talab qiladi.

O‘zbekistonda yetishtirish uchun ruxsat etilayotgan kannabis turi (tarkibida 0.2 % tetragidrokannabinol bo‘lgan) yuqoridagi sanoat mahsulotlarini ishlab chiqishga mo‘ljallangan bo‘lib, ijtimoiy tarmoqda ta’kidlanayotgani singari giyohvand vosita sifati mastlik keltirib chiqarmaydi (buning uchun o‘simlik tarkibidagi tetragidrokannabinol miqdori 20 %dan ortiq bo‘lishi kerak).

Qonunchilikka kiritilgan ushbu o‘zgarish Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusiga ko‘ra amalga oshirilgan bo‘lib, asosan raqobatbardosh, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan.

Uchinchidan. Bu borada xorijiy davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bugungi kunda jahonda 40 dan ortiq davlatlarda texnik kannabisdan sanoat maqsadlarida foydalanib kelinmoqda. Shundan Xitoy, Fransiya, Kanada, Avstraliya va Chili texnik kannabisni katta miqdorda yetishtirish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi mintaqalar hisoblanadi.

Jumladan, tarkibida tetragidrokannabinol miqdori Xitoy va Chexiyada – 0,3 foizgacha, Italiya, Vengriya, Shvetsiya, Belgiyada – 0,2 foizgacha, Rossiya Federatsiyasida – 0,1 foizgacha bo‘lgan texnik kannabisni sanoat maqsadlarida yetishtirish va ishlab chiqarishda foydalanish uchun ruxsat etilgan.

To‘rtinchidan. Texnik kannabis bir qator noyob afzalliklarga ega. Masalan, mato ishlab chiqarishda paxta va zig‘ir xom ashyosining, plastmassa ishlab chiqarishda neft xom ashyosining, qurilish materiallari va sellyuloza ishlab chiqarishda yog‘och va chiqindi qog‘ozning o‘rnini bosishi mumkin va hokazo.

Bu orqali qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish, sohada klaster ishlab chiqarishini rivojlantirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etish, yuqori qo‘shilgan qiymatli raqobatbardosh, noan’anaviy va eksportbop mahsulotlar yetishtirish hamda chuqur qayta ishlashni tashkil etish, shu asosda agrar sektorda ish unumdorligini va mehnatga haq to‘lash darajasini oshirishga erishish mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring