Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Agrobank tashabbusi bilan O‘zbekistonda ilk bor fermerlar maktablari ochildi

Agrobank tashabbusi bilan O‘zbekistonda ilk bor fermerlar maktablari ochildi

Joriy yilning 31 may kuni Poytaxtimizning «Xilton» mehmonxonasida «Agrobank» ATB tashabbusi bilan O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilgan «Fermerlar maktabi» loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tabdirda «Agrobank ATB», O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Toshkent davlat agrar universiteti, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti rahbar xodimlari hamda qishloq xo‘jaligi sohasining mutaxassislari, olimlar, fermerlar, tadbirkorlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Ushbu loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad – qishloq xo‘jaligida yangi biznes yo‘nalishlarini ochish, bilimli va malakali yosh fermerlarni tayyorlash hamda ularning qishloq xo‘jaligi sohasida tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirish, yoshlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishda eng zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni o‘rgatishdan iborat.

Loyiha, mamlakatimizning qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlari, jumladan, Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallari hamda Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti, Samarqand veterinariya va chorvachilik instituti, bir qator ilmiy tadqiqot institutlari, yirik ishlab chiqaruvchilar, klasterlar, mintaqalardagi ko‘p yillik tajribaga ega dehqon va fermerlarni jalb etgan holda yoshlarni 2 oylik kurslarda (qisqa muddatli)  o‘qitishni nazarda tutadi.

Fermerlar maktabi Respublikamizning  5 ta hududida tashkil etilgan, xususan, Toshkent (Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlari uchun), Andijon (Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari uchun), Samarqand (Samarqand, Navoiy, Buxoro viloyatlari uchun), Termiz (Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari uchun), Nukus (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi fuqarolar uchun).

Ushbu hududlarda ochilgan fermerlar maktablarida joriy yilning 31 maydan boshlab, ilk bor sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan 150 nafar tinglovchi o‘qishni boshlaydi.

O‘quv dasturi qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish sirlari, mo‘l hosil olish uchun urug‘ va o‘g‘itlarni tanlash, chorva mollarini parvarishi, samarali biznes reja tuzish asoslari, yetishtirilgan mahsulotlarni zamonaviy marketing usullari orqali sotish kabi nazariy va amaliy bilimlarni o‘z ichiga oladi.

Nazariy – oliy o‘quv yurtlari bazasida olib boriladi. Barcha darslar malakali o‘qituvchilar tomonidan o‘qitiladi.

Tinglovchilar o‘zlari qiziqqan qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha nazariy bilimlarni o‘rganish jarayonida oliy o‘quv yurtlari bazasidagi kamyob kitoblardan va qo‘llanmalardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Amaliy – amaliy darslar rejalashtirilgan tartibda tinglovchilar nazariy bilimlarni egallaganlaridan so‘ng hududlardagi yirik chorvachilik va parrandachilik komplekslari, zamonaviy issiqxonalar, sabzavotchilik va polizchilik xo‘jaliklari hamda klasterlarda olib boriladi.

Shu bilan birga darslar jahon standartlariga to‘laligicha javob beradigan o‘quv auditoriyalarda, qishloq xo‘jaligida tajribaga ega o‘qituvchilar va ilmiy mutaxassislar, muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar, biznes yo‘nalishlari bo‘yicha trener hamda bank mutaxassislari ishtirokida o‘tkaziladi.

Amaliy darslar tajriba uchastkalari va yirik qishloq xo‘jaligi korxonalarida o‘tiladi.

Ta’lim olish bilan bog‘liq barcha xarajatlar «Agrobank» ATB tomonidan moliyalashtiriladi.

O‘quv kurslarining afzalliklari - sohada yuqori malakali, xalqaro tajribaga ega o‘qituvchilardan bilim olish imkoniyati, nazariy va amaliy mashg‘ulotlarning uyg‘unligi, sohadagi yetakchi biznes egalari tomonidan master klasslarda ishtirok etish, biznes hamkorlar tarmog‘ini kengaytirish imkoniyati va bularning barchasi bepul tarzda amalga oshirilishidir.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, fermerlar maktabiga qabullar har 2 oyda bo‘lib o‘tadi va sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar mazkur maktablarga qabul qilinadi.

O‘qish istagida bo‘lgan fuqarolar fermerlar maktabining maxsus telegram boti (@fermerlar_maktabi_bot) yoki rasmiy sayti (https://fermermaktab.uz/) orqali hujjat topshirishlari mumkin.

#fermerlarmaktabi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring