Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda «Dinozavrlar qiroli» qoldiqlari topilgan

O‘zbekistonda «Dinozavrlar qiroli» qoldiqlari topilgan

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan kreativ iqtisodiyot kontekstida hududiy brendingning ahamiyati o‘rganildi.

Hududlar brendingida ijodkorlik muhim o‘rin kasb etadi. Sababi mavjud salohiyat rivojlantirish va targ‘ibotga muhtoj.

Mintaqaning mashhurligini oshirishda yordam bergan muvaffaqiyatli marketing kampaniyalariga quyidagilarni misol sifatida keltirish mumkin:

Rashmor tog‘i — Janubiy Dakotadagi (AQSh) eng diqqatga sazovor manzillardan bo‘lib, granit tog‘ning bir tomonida AQShning to‘rt nafar prezidenti qiyofasi aks ettirilgan. Yodgorlik yiliga ikki milliondan ortiq sayohatchini jalb qiladi.

ONLYLION kampaniyasi doirasida Lion (Fransiya) shahrining ramzi qilib sher ko‘rsatilib,  dron vositasida shaharning yuqoridan olingan videosi Yevropaning aeroportlari va turli ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etilgan.

Shimoliy Irlandiyada mashhur «Taxtlar o‘yini» filmida suratga tushgan va bo‘ron natijasida qulagan daraxtlardan o‘nlab naqshdor eshiklar yasalib, mamlakat bo‘ylab o‘rnatilgan va «Eshiklar sayohati» deb nomlangan yangi sayyohlik yo‘nalishi yaratilgan. 

Farer orollarida «Sheepview 360» tashabbusi doirasida tasvirni 360° ko‘rsatuvchi kameralar qo‘chqorlar ustiga o‘rnatilib, orolning videoxaritasi yaratilgan.

O‘zbekistonning qator hududlari ham dunyoda o‘ziga xos imidjga ega.

Namangan dunyoda «gullar shahri» sifatida o‘zini namoyon qilgan va unda har yili gullar festivali o‘tkaziladi.

Rishton Farg‘ona viloyatining mohir kulol ustalari bilan mashhur bo‘lgan qadimiy shahar bo‘lib, jahon miqyosida noyob kulolchilik markazi sifatida e’tirof etilgan.

Konigil qishlog‘i (Samarqand) o‘zining – sirti silliq, mustahkam va siyohni oz singdiruvchi noyob ipak qog‘ozi bilan tanilgan.

Shunga qaramay mintaqalarning ulkan sayyohlik salohiyati amalga oshmay qolmoqda.

Ko‘pchilik Qizilqum cho‘lida o‘z davrining ozuqa zanjirida eng yuqori mavqega ega bo‘lgan «Dinozavrlar qiroli» qoldiqlari topilganidan bexabar. Ular hattoki mashhur tiranozavrlardan ham yirikroq bo‘lgan. Mazkur turning nomida «Ulughbegsaurus uzbekistanensis» mavjudligi dinozavrlarning mintaqamizga aloqadorligini aks ettiradi va ulardan marketing kampaniyasi sifatida foydalanishga imkon yaratadi, ya’ni Ulughbegsaurus aks etgan hudud logotipini ishlab chiqish, dinozavrlar mavzusidagi ko‘ngilochar muassasalar (parklar, muzeylar va boshqalar)ni yaratish lozim. Shu bilan birgalikda, zamonaviy texnologik imkoniyatlardan foydalangan holda dinozavrlar shaklida dronlar shousini va rangli gologrammalar ko‘rinishidagi vizual ko‘rgazmalarni tashkil qilish mumkin.

Uchqizil suv omboridagi kabi Surxondaryoning go‘zal tog‘ manzaralari mamlakatimizga keluvchilarning e’tiboridan chetda qolmoqda. Bunda «Yodel Ay Hee Hoo»  kampaniyasi strategiyasini qo‘llash orqali Samarqand va Toshkent aeroportlaridagi infokiosk yonidan o‘tayotgan chet ellik sayyohlarni Surxondaryoning qishloqlariga chorlash mumkin, ya’ni qishloqda yashovchi mahalliy aholi vakili qiziquvchilar bilan onlayn suhbatga kirishadi va real vaqt tartibida hudud manzarasini ko‘rsatib, ularni bu yerga jalb qiladi. Bu usulni Surxondaryo qishloqlarida etnografik turizmni rivojlantirish yo‘lida, sayyohlarni xonadonlarga mehmonga taklif qilish orqali madaniyat bilan tanishtirish uchun qo‘llash mumkin.

Buxoro o‘ziga xos me’moriy merosi tufayli «Yuz gumbazli shahar» sifatida yanada tanilishi mumkin. Buxoroning eng diqqatga sazovor gumbazli inshootlari orasida «Chor Minor» madrasasi, «Poi Kalon» majmuasi, Mir Arab madrasasi va boshqalarni keltirish mumkin. Yaratilgan imidjni maqsadli auditoriyaga ijodiy usul bilan yetkazilish uchun «Islandiyadan ilhomlangan» kampaniyasi modelini qo‘llash mumkin. Buxoro misolida aytilsa, shaharning islom dunyosidagi yuqori ahamiyatini namoyish etuvchi bir qator videoroliklarni suratga olish va samarali kanallar orqali uzatish natijasida shaharga keluvchilar sonini oshirish hamda mazkur manzilni har bir musulmon hayotida kamida bir marta qilishi kerak bo‘lgan ziyoratga aylantirish mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring