Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda bolalarning eng yaxshi qahramonlari aniqlandi

O‘zbekistonda bolalarning eng yaxshi qahramonlari aniqlandi

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi matbuot xizmati

Kecha, 4-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamkorligida o‘tkazilgan «Eng yaxshi bolalar qahramoni/qahramonlar guruhi» ko‘rik-tanlovi yakunlandi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur tanlov maktabgacha ta’lim materiallarini o‘rgatuvlar uchun eng yaxshi bolalar qahramonini yaratish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, unga 270 nafar ijodkordan 1000 dan ziyod ish kelib tushdi.

Asarlarning 17 tasi ko‘rik-tanlovning yakuniy – final bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Finalchilarning 10 nafari onlayn ovoz berish yo‘li bilan saralangan bo‘lsa, qolgan 7 nafari tashkilotchilar tomonidan tanlab olindi.

Final bosqichida ishtirokchilarning ishlarini Maktabgacha ta’lim vazirligi mutasaddilari, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mutaxassislari, taniqli san’atkorlar, dizaynerlar hamda blogerlar baholab borishdi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi matbuot xizmati

Hakamlar hay’ati baholariga asosan, birinchi o‘rin 172 ball to‘plagan Tohir Islomovga nasib etdi. Uning «Buyuk bolakaylar» personaji eng yaxshi ish deb topildi va muallif tashkilotchilar tomonidan 10 million so‘m pul mukofotiga ega bo‘ldi.

«Buyuk bolakaylar» personaji

Ikkinchi o‘rinni esa Xurshid Tursunboyev egalladi. U yaratgan «Tursunboy va Qo‘chqorvoy» personaji hakamlar tomonidan 152 ballga loyiq ko‘rildi. Muallifga tashkilotchilar tomonidan 6 million so‘m pul mukofoti topshirildi.

«Tursunboy va Qo‘chqorvoy» personaji

«Mening personajim – Tursunboy real hayotdan olingan. U shirinliklarni juda yaxshi ko‘radi, tishlarining to‘kilib tushgani ham shundan. Uning eng yaqin do‘sti – Qo‘chqorvoy. Lekin Qo‘chqorvoy do‘stining quchoqlashi, u bilan o‘ynashini ko‘pam yoqtirmaydi, unga o‘t va yem bo‘lsa bo‘ldi. Tanlovda ishim ikkinchi o‘ringa munosib ko‘rilganidan juda xursandman. O‘ylaymanki, ushbu personaj bolalar uchun juda qiziqarli bo‘ladi», – deydi Xurshid.

Uchinchi o‘rin Leyla Mo‘minovaga nasib etdi. Uning «Anora» personaji 145 ball to‘plab, 4 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.

«Anora» personaji

Qayd etish kerakki, tomoshabinlar e’tirofi sovriniga ovoz berish maktabgacha ta’lim muassasalarida davom etmoqda. Natijalar tez kunlarda Maktabgacha ta’lim vazirligining saytida e’lon qilinadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring