Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda birinchi «Mediasavodxonlik uyi» ochildi

O‘zbekistonda birinchi «Mediasavodxonlik uyi» ochildi

Toshkent shahrida «Mediasavodxonlik uyi» tashkil etildi. Bugun, 24 sentyabr kuni Mediasavodxonlik uyining birinchi o‘quv mashg‘uloti tuman kasb-hunar maktabida bo‘lib o‘tdi.

«Mediasavodxonlik uyi» aholi o‘rtasida axborot xavfsizligini ta’minlash borasida axborot texnologiyalari va texnikasidan samarali foydalanish, tanqidiy, mantiqiy fikrlash, axborotni filtrlash ko‘nikmalarini shakllantirish, raqamli texnologiyalar savodxonligi, reklama, kino savodxonligini oshirish maqsadida tashkil etilgan. 

Shu orqali o‘smir-yoshlar, o‘qituvchi-pedagoglar, ayollar va keksalar uchun o‘quv mashg‘ulotlar va seminar-treninglar tashkil etish orqali aholini mediaviy savodxonligini oshirish ko‘zda tutilgan. Mashg‘ulotlar maktablar, kollejlar va boshqa idoralarda ham tashkil etilib, har bir mashg‘ulotda 20 nafar ishtirokchi jalb etilishi rejalashtirilgan.

Mashg‘ulotlarning mavzulari media savodxonligi (ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat yuritish, axborot iste’molining me’yorlari, messenjerlarda xavfsizlik faoliyati, fakt-cheking); raqamli texnologiyalar savodxonligi (mobil aloqa qurilmalarining imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanish, internet uskunalaridan unumli foydalanish, kompyuter savodxonligi); kino savodxonligi (asarlarda syujet, qahramon va muammo masalalari yuzasidan fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish), reklama savodxonligi ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan.

– Men mediasavodxonligi yo‘nalishida bir necha yillardan beri loyihalar ustida ishlayman, xorijiy hamkorlarning moddiy ko‘magida seminar-treninglar tashkil etish bilan shug‘ullanib kelmoqdaman. Shu yilning may oyida Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan xalqaro mediasavodxonlik festivalida ishtirok etganimda tojikistonlik va qozog‘istonlik xamkasblarim «Mediasavodxonlik uylari»ni tashkil etganliklari haqida g‘ururlanib gapirdilar. Zamonaviy axborot maydonlari ba’zida yaxshilikka, ba’zida yomonlikka xizmat qilmoqda. Bunday vaziyatda sifatli axborot olish ko‘nikmasi odamlarda bo‘lishi juda muhim. Shu maqsadda mediasavodxonlik ishlarini avvalo o‘z mahallamdan boshlashni afzal ko‘rdim. Bu borada menga Yangi Beltepa mahalla fuqarolar yig‘inining yoshlar yetakchisi Jamshid Rixsiyev va Shayxontohur tuman kasb-hunar maktabining rahbari Gulnora Yusupovalar yaqindan ko‘mak berishdi. Ana shunday jonkuyar pedagoglar tufayli bugun 20 nafar o‘smir-yosh mediasavodxonlik bo‘yicha ilk mashg‘ulotlarini o‘tadilar, – deydi «Mediasavodxonlik uyi» asoschisi, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakulteti katta o‘qituvchisi Muhayyo Saidova.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring