O‘zbekistonda bir yilda 11 million tonnadan ziyod ko‘mir qazib olinishi mo‘ljallanmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-iyul kuni geologiya sohasidagi ishlar va investitsiya loyihalari ijrosi bilan tanishdi.
Mutasaddilar yil boshida belgilangan vazifalarning bajarilishi yuzasidan axborot berdi.
Jumladan, o‘tgan 6 oyda qariyb 3 million tonna ko‘mir qazib olingan. “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida mexanizatsiyalashgan yerosti komplekslari to‘liq ishga tushirilib, ko‘mir qazib chiqarish bir kecha-kunduzda 3,5 ming tonnaga yetkazilgan.
Ikkinchi yarim yillikda yana 5 million tonnadan ziyod ko‘mir qazib olinishi rejalashtirilgan. Shundan 1,8 million tonna issiqlik elektr stansiyalariga, 1 million tonnadan ortig‘i aholiga, 540 ming tonna ijtimoiy muassasalarga yetkazib beriladi, 1,8 million tonna mahalliy ko‘mir birja savdolariga chiqariladi.
Umuman, bu yil ko‘mir qazib chiqarish o‘tgan yilga nisbatan 1,4 million tonnaga ko‘p bo‘lib, import hajmi sezilarli qisqaradi.
Tarmoqda qator investitsiya loyihalari ham amalga oshirilmoqda. Xususan, Nishbosh konini o‘zlashtirishga Xitoyning “Henan” kompaniyasi 400 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritishi ko‘zda tutilgan. Bu loyiha samarasida yerosti usulida yiliga 8 million tonnagacha ko‘mir qazib chiqarish va shundan 5 million tonnasini boyitish rejalashtirilgan.
Yurtimizda kaolinning ham katta zaxirasi mavjud. Hozirda konlarni o‘zlashtirishga jalb qilingan tadbirkorlar tomonidan 396 ming tonna mahsulot qazib olinmoqda. Bu juda kam.
Shu bois 2024-2025 yillarda Geologiya dasturi doirasida 7 ta kon tashabbuskorlarga taklif etiladi va bu orqali qazib olish hajmi 2 million 700 ming tonnaga yetkaziladi.
Toshkent viloyatidagi “Apartak-3” koni negizida Turkiyaning “Bab Energy ve Petrol Urunleri A.S.” kompaniyasi bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. 15 million dollarlik mazkur loyiha natijasida 40 ta yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga 70 ming tonna boyitilgan kaolin tayyorlanadi.
Shu yil 29 aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari sanoat uchun muhim minerallar masalasiga alohida e’tibor qaratgan edi. Shundan so‘ng, bu yo‘nalishga ixtisoslashgan “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi. Ilmiy va texnologik tadqiqot hamda geologiya-qidiruv ishlariga qaratilgan 40 million dollarlik 34 ta loyiha ishlab chiqildi.
Bu tarmoqqa yetakchi xorijiy kompaniyalar va malakali ekspertlarni jalb qilib, o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, o‘tgan oyda Koreya Respublikasi Prezidentining mamlakatimizga tashrifi doirasida “KIGAM” instituti bilan noyob minerallarni izlash, texnologik tadqiqotlar o‘tkazish va raqamlashtirish bo‘yicha 10 million dollarlik grant loyihasi yuzasidan kelishuv imzolandi.
Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlikdagi umumiy qiymati 800 million dollarlik loyihalarning borishi haqida ham axborot berildi.
Davlatimiz rahbari geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, olingan xomashyolardan qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter