10-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida yangi tanlov tashkil etiladi
O‘zbekistonda 10-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida matematika, fizika hamda informatika fanlari bo‘yicha «Al-Xorazmiy izdoshlari» nomli an’anaviy ko‘rik-tanlov tashkil qilinadi. Bu haqda AKT vazirligi saytida xabar berildi.
Tanlov Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tashabbusi va Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkaziladi.
Ko‘rik-tanlovning asosiy maqsadi buyuk olim va matematik Muhammad Al-Xorazmiyning ilmiy merosini targ‘ib qilish, yosh avlodning aniq fanlarga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek axborot texnologiyalari sohasida iqtidorli yoshlarni yuzaga chiqarish, ularga salohiyatlarini namoyish qilishlari uchun zarur sharoitlarni yaratib berishdan iborat.
Ko‘rik-tanlov aprel oyida start oladi va uch bosqichda tashkil qilinadi. Birinchi bosqichda ishtirokchilar o‘z maktablarida matematika, fizika hamda informatika fanlaridan onlayn usulda imtihon topshiradilar. 80 dan yuqori ball to‘plagan yoshlar tanlovning keyingi bosqichiga yo‘l olishadi. Ikkinchi bosqich mintaqaviy shaklda bo‘lib o‘tadi va ishtirokchilar uchala fanga doir jami 9 ta topshiriqni bajarishlari kerak bo‘ladi. 100 ballik imkoniyatdan 75 ball to‘plaganlar so‘nggi bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadilar.
Toshkent shahridagi Inha universitetida o‘tkaziladigan so‘nggi bosqichda tanlov qatnashchilari e’tiboriga matematika, fizika hamda informatika fanlariga doir 15 ta vazifa havola qilinadi.
Tanlovda eng yuqori ball to‘plagan olti nafar g‘olibga «Muhammad Al-Xorazmiy izdoshlari» tanlovining diplomi hamda eng kam oylik ish haqining 65 barobaridan 100 barobarigacha miqdorda pul mukofoti topshiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter