Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston xalq shoiri Shukrullo I darajali (oltin) «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni olgan ilk ijodkor bo‘ldi

O‘zbekiston xalq shoiri Shukrullo I darajali (oltin) «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni olgan ilk ijodkor bo‘ldi

Foto: «Uza.uz»

O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi Boshqaruvi raisi Shuhrat Jalilov O‘zbekiston xalq shoiri Shukrulloga I darajali «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishonini topshirish maqsadida shoirning xonadoniga tashrif buyurdi, deb xabar berdi «O‘zA».

Prezidentning 2016-yil 28-dekabrdagi «O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni bilan «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni (I, II, III darajali) ta’sis etilgan edi. Ushbu ko‘krak nishon bilan iqtisodiyot va ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yurisprudensiya va boshqa sohalardagi uzoq yillik halol mehnatlari uchun mehnatkashlarga, shuningdek, ishlamaydigan, jamiyatda mustahkam oilani saqlab qolgan, farzandlarini kattalarga va kichik avlodga hurmat, jamiyat oldidagi mas’uliyat, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalab hurmat qozongan onalarga taqdim etiladi.

Shukrullo domla mamlakatimiz shoir va yozuvchilari orasida «Nuroniy» jamg‘armasining ana shunday yuksak I darajali (oltin) «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan ilk ijodkor bo‘ldi. Endi uning xonadoni eshigida  «Bu yerda I darajali  «Mehnat faxriysi» nishoni bilan taqdirlangan fuqaro Shukrullo istiqomat qiladi» yozuvi bo‘lgan belgi o‘rnatiladi.

Shu kuni Shuhrat Jalilov boshchiligidagi «Nuroniy» jamg‘armasi faollari O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev xonadonida ham bo‘lib, yozuvchiga I darajali (oltin) «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishonini tantanali topshirdilar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring