Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston va Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari savdo hajmi 3 barobarga oshdi

O‘zbekiston va Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari savdo hajmi 3 barobarga oshdi

Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatiga nazar tashlanadigan bo‘lsa, uchta katta o‘zgarishni bee’tibor qoldirib bo‘lmaydi. Jumladan, 1992-yili Turkiy tilli mamlakatlar sammiti chaqirilgan va bu Turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasidagi integratsiya uchun birinchi qadam edi. 1992-yildan 2009-yilgacha esa to‘qqizta sammit o‘tkazildi, so‘nggi sammit natijasida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini (Turkiy kengash) tuzish to‘g‘risida Naxichevan bitimi imzolandi. 2021-yili esa Kengash Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) deb o‘zgartirildi. Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan bu yilgi sammit TDTning birinchi sammiti bo‘lib, ushbu tadbirga qiziqish har doimgidan ko‘ra yuqoriroqdir.

Bugun TDT beshta mamlakatni – Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, O‘zbekistonni birlashtiradi. Yana ikki mamlakat – Turkmaniston va Vengriya kuzatuvchi maqomiga ega. Ushbu mamlakatlarda taxminan 160 millionga yaqin aholi yashaydi, bu dunyo aholisining 2 foizdan ko‘prog‘ini tashkil qiladi. Ushbu mamlakatlar hissasiga sotib olish qobiliyati pariteti bilan hisoblangan dunyo YaIMning 3 foizdan ortig‘i to‘g‘ri keladi.

TDTning o‘ziga xosligi ushbu tashkilotning hamkorlik uchun ko‘p qirrali yo‘nalishlari mavjudligida ifodalanadi. Xususan, Naxichevan bitimining 2-moddasiga binoan tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash va qo‘llab-quvvatlash masalalari, shuningdek, siyosiy, savdo-iqtisodiy, huquqni muhofaza qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish, madaniy, ilmiy-texnik, harbiy-texnik, ta’lim, energetika, transport, kredit sohalarida samarali mintaqaviy va ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari tashkilotning muhim maqsad va vazifalari orasidan o‘rin olgan. O‘z navbatida, TDT doirasidagi hamkorlik savdo va investitsiya uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, bojxona va tranzit tartibini yanada soddalashtirish, shuningdek, fan va texnika, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, yoshlar, sport va turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, turkiy xalqlarning buyuk madaniy va tarixiy merosini ommalashtirishga qaratilgan.

Ushbu maqsadlarga erishish uchun TDT qoshida 6 ta tuzilma – Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti, Turkiy davlatlar parlament assambleyasi, Xalqaro turkiy akademiya, Turkiy madaniyat va meros fondi, Turkiy savdo-sanoat palatasi, TDTning Vengriyadagi vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bunday tashkiliy tuzilma TDT oldiga qo‘yilgan vazifalarni samarali amalga oshirishga qaratilgan.

TDT doirasidagi hamkorlikning iqtisodiy samarasini O‘zbekiston misolida ko‘rish mumkin. 2021-yili O‘zbekiston TDT davlatlari bilan 9,3 milliard AQSh dollari miqdorida savdo operatsiyalarini amalga oshirdi. Ularning O‘zbekiston tashqi savdosidagi ulushi 22 foizdan ziyodni tashkil etdi. Umuman olganda, 2016-yilga nisbatan 2021-yili O‘zbekiston va TDT mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi qariyb 3 barobar oshdi.

TDTga a’zo mamlakatlar 2017-2021-yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotiga 2,5 milliard AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritdilar (bu tegishli davrdagi xorijiy investitsiyalar umumiy hajmining 10  foizini tashkil etadi). Ulardan bir milliard AQSh dollardan ortiq yoki 41  foiz mablag‘ 2021-yili investitsiya qilingan. 2017-yildan boshlab TDT mamlakatlaridan O‘zbekistonga investitsiyalarning o‘sishi 30 foizga teng.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, TDT turkiy tilli mamlakatlarni birlashtirgan, ko‘plab sohalarda rivojlanish istiqbollariga ega bo‘lgan istiqbolli mintaqaviy tashkilotdir. Shuning uchun ushbu tashkilotning barcha a’zolari, shu jumladan, O‘zbekiston uchun TDT doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash har tomonlama rivojlanish va barqarorlikni ta’minlashga, iqtisodiy o‘sishni oshirishga va mamlakatlar taraqqiyotini rag‘batlantirishga xizmat qilishi mumkin.

Abdulaziz RASULEV,

yuridik fanlar doktori, professor,

Shohjahon XO‘JAYeV,

yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring