O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari Qo‘shma bayonot imzoladilar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon Qo‘shma bayonot imzoladilar. Unda erishilgan asosiy kelishuvlar mustahkamlab qo‘yilgan hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali o‘zaro manfaatli hamkorlik va strategik sheriklikni yanada kengaytirish va mustahkamlash bo‘yicha uzoq muddatli vazifalar belgilangan.
Davlat rahbarlari huzurida tashrif doirasida imzolangan O‘zbekiston-Tojikiston investitsiya kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risida, sanoat va yangi texnologiyalar sohasida, tog‘-kon sanoatida hamkorlik to‘g‘risida, Zarafshan daryosida GES qurish loyihasi bo‘yicha qo‘shma aksiyadorlik jamiyati tashkil etish to‘g‘risida, Yuklar tranziti to‘g‘risidagi bitimlar, shuningdek, Diplomatik vakolatxonalar uchun yer maydonlarini o‘zaro taqdim etish to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirishlar kiritish, Fuqarolarning o‘zaro qatnovlari to‘g‘risidagi bitimga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi bayonnomalar, ikki mamlakat tashqi siyosiy idoralari o‘rtasidagi hamkorlik Dasturi va qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” almashildi.
Umuman, energetika, transport, avtomobilsozlik, elektrotexnika, tog‘-kon va yengil sanoat, fan, ta’lim, sport va boshqa sohalarni qamrab olgan jami 35 ta hujjat imzolandi.
Ushbu salmoqli hujjatlar to‘plami birodar mamlakat va xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada, har tomonlama rivojlantirish, ko‘p qirrali sheriklikni chuqurlashtirish yo‘lida yangi natijalarga erishish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ommaviy axborot vositalari uchun brifingda Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon muzokaralar har doimgidek ochiq, ishonchli va do‘stona ruhda o‘tganini ta’kidladilar.
- Biz mushtarak tarix va madaniyat, din, ma’naviy qadriyatlar va an’analar bilan chambarchas bog‘langan xalqlarimizning ko‘p asrlik do‘stligini juda qadrlaymiz.
Shu yerda o‘tirgan ommaviy axborot vositalari vakillari va delegatsiyalar a’zolari keyingi bir necha yilda O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlari taraqqiyotida ro‘y bergan ulkan o‘zgarishlar guvohidir.
Tojikiston bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash – O‘zbekiston tashqi siyosatining bosh va o‘zgarmas ustuvor yo‘nalishi, - dedi davlatimiz rahbari. – Biz ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishning barcha masalalarini diqqat bilan ko‘rib chiqdik. Shuni qayd etmoqchiman: hech bir yo‘nalish e’tibordan chetda qolmadi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar yangi o‘sish nuqtalarini belgilab oldilar, kelgusi yilda tovar ayirboshlashni ikki barobar oshirishni maqsad qilib belgiladilar. Yetakchilar ikki mamlakat hududlarining imkoniyatlarini maksimal darajada ishga tushirish, ularni tumanlar darajasida “bog‘lash”ga kelishib oldilar.
Davlat rahbarlari tashrif arafasida o‘tkazilgan Hududlar forumi va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishining samarali yakunlarini, shuningdek, tashrif doirasida umumiy qiymati 1 milliard dollardan ziyod bo‘lgan shartnomalar va investitsiya kelishuvlarlari imzolanganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
O‘zbekiston va Tojikiston transport va tranzit sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor. Muzokaralarda yetakchilar temir yo‘l, avtomobil va havo transportida tashishlarni ko‘paytirish uchun bundan buyon ham qulay sharoit yaratish to‘g‘risida kelishuvga erishdilar.
Prezident Emomali Rahmon, o‘z navbatida, agrar tarmoq, yengil, oziq-ovqat va tog‘-kon sanoatida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish tovar ayirboshlashning ko‘payishi va yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga xizmat qilishini qayd etdi. U ta’lim va tibbiyot sohalarida, koronavirus pandemiyasiga qarshi birgalikda kurashishda sheriklik kengayib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Bundan tashqari, Prezidentlar madaniyat, fan, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalaridagi almashinuvlarni faollashtirishga kelishib oldilar.
- Biz mamlakatlarimizda barpo etilgan hamda bugun mustahkamlanib borayotgan do‘stlik va sheriklikning yangi ramzlariga aylangan tibbiyot markazi va o‘quv muassasasi faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu masalalarning barchasi ikki mamlakat Bosh vazirlari rahbarlik qilayotgan ikki tomonlama Hukumatlararo komissiyaning bevosita nazoratida bo‘lishi qayd etildi.
Prezidentimiz Tojikiston rahbarining 2025 yilni Xalqaro muzliklarni muhofaza qilish yili va maxsus Muzliklarni asrash xalqaro fondini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbuslarini O‘zbekiston to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
- Bugungi muzokaralar ko‘p asrlik do‘stlik, ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasida niyatimiz jiddiy va qat’iy ekanini yana bir bor namoyish etdi, - dedi so‘zining yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev. – Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi hamkorlikda ikki birodar xalqlarning ravnaqi yo‘lida aniq, sezilarli natijalarga erishishga qaratilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter