O‘zbekiston va Qirg‘iziston savdo va investitsiyaviy hamkorlikka doir yo‘l xaritasini imzoladi
Bugun, 18-dekabr kuni O‘sh shahrida O‘zbekistonning chegaradosh viloyatlari rahbarlari bilan Qirg‘iziston hukumatining chegaradosh viloyatlardagi muxtor vakillari kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri Muhammadkaliy Abilgaziyev raislik qildi. Bu haqda Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, ikki mamlakat hukumatlari rahbarlari savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasini imzolashdi. Unda, jumladan, savdo, sanoat, karantin va veterinariya sohalarida hamkorlik qilish, bojxona jarayonlarini va banklararo hamkorlikni soddalashtirish ko‘zda tutilgan.
«Bizning fikrimizcha, mintaqa davlatlari savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport, madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini yanada faollashtirishi kerak», — dedi Qirg‘iziston Bosh vaziri.
Muhammadkaliy Abilgaziyev o‘zbekistonlik hamkasblariga yuk tashuvchilar uchun to‘lovlarni bekor qilishni taklif etdi. «Bu, shubhasiz, o‘zaro yuklarni tashish va mamlakatlarimiz o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmini oshirishga yordam beradi», — ta’kidladi Muhammadkaliy Abilgaziyev.
Abdulla Aripov O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish tarafdori ekanini tasdiqladi.
«Tor doiradagi muzokaralar natijalari, o‘zaro kelishuv asosida, yechimini topmaydigan masalalar qolmasligini ko‘rsatdi», — ta’kidladi O‘zbekiston Bosh vaziri.
Uchrashuv davomida mintaqaviy hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvlarning bajarilishi, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish, davlat chegaralaridan o‘tish sharoitlarini yaxshilash masalalari muhokama qilindi.
2018-yilning to‘qqiz oyida ikki mamlakat o‘rtasida tovar ayirboshlash 250 million dollardan oshdi, bu 2017-yilning shu davridagidan 11 foizga ko‘pdir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter