Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari ikki davlatga ID-karta orqali o‘tishlari mumkin

O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari ikki davlatga ID-karta orqali o‘tishlari mumkin

Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi davomida 2006-yil 3-oktyabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Hukumati o‘rtasida imzolangan fuqarolarning o‘zaro borib-kelishlari to‘g‘risidagi Bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida Bayonnoma ham almashinildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Unga ko‘ra, endilikda O‘zbekistonning barcha fuqarolari Qirg‘izistonga, xuddi shunday Qirg‘iziston fuqarolari O‘zbekistonga ID-karta orqali kirishlari mumkin bo‘ladi (ilgari faqat xorijga chiqish pasporti bilan mumkin edi).

Fuqarolarning chegaradan kirish-chiqishi haqidagi ma’lumotlar elektron tarzda qayd etiladi, pasportga shtamp bosishga hojat qolmaydi.

Ushbu yengillik istalgan transport orqali (samolyot, poyezd, avtomobil, avtobus va hk) chegarani kesib o‘tishda amal qiladi.

Mazkur tartib imzolangan hujjatlar ikkala davlat tomonidan tegishli tartibda tasdiqlangan so‘ng kuchga kiradi. Bu taxminan 1-2 oy vaqt olishini ma’lum qilishmoqda.

Ushbu tartib ayniqsa O‘zbekistonning eksklav hududlari bo‘lgan So‘x, Shohimardon, Cho‘ng‘ara kabi hududlaridagi yurtdoshlarimiz uchun katta yengillik bo‘ladi, ularning chegaradan o‘tishlaridagi ortiqcha byurokratiyaga chek qo‘yadi.

Eslatib o‘tamiz, bugungi kungacha hali birorta davlat bilan ID-karta orqali o‘zaro borib-kelish tartibi yo‘lga qo‘yilmagan edi. Qirg‘iziston birinchisi bo‘ldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring