Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston va Belarus adliya vazirliklari o‘rtasida hamkorlik kuchaytiriladi

O‘zbekiston va Belarus adliya vazirliklari o‘rtasida hamkorlik kuchaytiriladi

Foto: Adliya vazirligi jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi

Minsk shahriga tashrif doirasida adliya vazirining birinchi o‘rinbosari Mahmud Istamov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Belarus Respublikasi adliya vaziri Oleg Slijevskiy bilan uchrashdi.

O‘zbekiston va Belarus Respublikalari Adliya vazirliklari o‘rtasida uzoq istiqbolga mo‘ljallangan do‘stlik aloqalari va hamkorlik munosabatlari yo‘lga qo‘yilganligi qayd etildi. 

«Belarus Respublikasi Prezidenti A.Lukashenkoning o‘tgan yili 12-14 sentyabr kunlari mamlakatimizga amalga oshirilgan rasmiy tashrifi ikki vazirlik o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirishga turtki berdi. Bir haftadan so‘ng adliya vaziri o‘rinbosari I.Tushinskiy boshchiligidagi Belarus delegatsiyasi mamlakatimizga tashrif buyurib, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, Namangan shahridagi va poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi davlat xizmatlari markazlari faoliyati bilan tanishdi. Belarus tomoni O‘zbekistonda davlat xizmatlarini takdim etish sohasida erishilgan yuksak natijalarni e’tirof etdi»,-deyiladi vazirlik xabarida.

Minskdagi uchrashuv chog‘ida tomonlar ko‘plab masalalar bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, sud-huquq sohasida tajriba almashishning dolzarb jihatlarini muhokama qildi. O‘zbekiston va Belarus Respublikalari Adliya vazirliklari tomonidan 2001 yilning avgust oyida Minskda imzolangan Hamkorlik to‘g‘risidagi bitim doirasida hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga kelishib olindi. 

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi delegatsiyasi Belarus Respublikasi Adliya vazirligining 100-yilligi munosabati bilan hamkasblariga esdalik sovg‘alari taqdim etishdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring