O‘zbekiston – Tojikiston birgalikdagi o‘quviga start berildi (foto)
Kecha Termiz shahriga yetib kelgan Tojikiston Respublikasi harbiy delegatsiyasi do‘stona kutib olinib, «Hamdo‘stlik-2022» — birgalikdagi o‘quvi jarayonlari boshlab yuborildi. Bu haqda O‘zbekiston mudofaa vazirligining Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.
Mehmonlar Termiz garnizonidagi harbiy qismga joylashgandan so‘ng birgalikdagi o‘quvga bag‘ishlangan mashg‘ulotlarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida o‘zbek va tojik ofitserlari ishtirokida amalga oshiriladigan harakatlar rejalari o‘rganib chiqildi.
Bugun «Hamdo‘stlik-2022» birgalikdagi o‘quvining ikkinchi kuni tantanali ochilish marosimi bilan davom ettirildi. Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘mondoni general-mayor Zaynobiddin Iminov hamda Tojikiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i o‘rinbosari, general-mayor Egamzod Sharof Xudoyberdi ochilish marosimida so‘zga chiqishdi.
Shundan so‘ng ikki davlat madhiyasi sadolari ostida O‘zbekiston va Tojikiston Respublikalari davlat bayrolari ko‘tarildi. «Hamdo‘stlik-2022» o‘quviga jalb etilgan harbiylar harbiy orkestr sadolari ostida saf maydonidan shaxdam o‘tishdi.
Tantanali ochilish marosimidan keyin Termiz umumqo‘shin dala-o‘quv maydoni o‘quv nuqtalarida va to‘siqlar yo‘laklarida o‘zbek harbiy xizmatchilari tomonidan ko‘rgazmali mashqlar bajarildi. Mashqlar jarayonida harbiylarimiz yaqin masofada jang olib borish, yaradorlarni evakuatsiya qilish, shartli dushman hujumini qaytarish kabi amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etishdi. Ushbu mashqlarni kuzatish jarayonida tojikistonlik harbiylar ham o‘zlarini sinab ko‘rishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter