Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston televideniyesida namoyishi oxiriga yetmay to‘xtatilgan seriallar

O‘zbekiston televideniyesida namoyishi oxiriga yetmay to‘xtatilgan seriallar

«Sevgi iztibori» seriali qahramonlari.

Foto: «Televizyongazetesi.com»

«ZO‘R-TV» telekanali orqali efirga uzatilgan «Sevgi iztibori» serialining namoyishi to‘xtatilgani haqida xabar bergan edik. Bunga so‘nggi haftalarda ijtimoiy tarmoqlar va turli saytlarda mazkur serial atrofidagi ko‘plab muhokamalar sabab bo‘lgani aytiladi. «Daryo.uz» nashri ushbu voqea bahonasida O‘zbekiston televideniyesida namoyishi oxiriga yetmasdan to‘xtatilgan seriallarni yodga oldi.

«Kelin» serialidan kadr.
Foto: «Sinematurk»

2012-yil fevralida o‘zbek telekanallarida namoyish etilayotgan barcha turk seriallari baravar to‘xtatilgandi. O‘shanda «Yoshlar» kanalida «Kelin», NTT kanalida «Muhabbat simfoniyasi», «TV Markaz»da «Ajralsak-da birgamiz» seriallari namoyish etilayotgandi. Bundan tashqari, «TV Markaz» «Muhtasham yuz yil» seriali tez orada namoyish etilishi haqida anonslar berilayotgandi. Seriallar to‘xtab qolishi texnik nosozliklar bilan izohlangan bo‘lsa-da, turk seriallari namoyishi 2017-yilgacha tiklanmadi. Bungacha NTT va «TV Markaz» kanallarining o‘zi ham yopilib ketdi.

Foto: «Muhtasham yuz yil»

2015-yil aprelidan «Yoshlar» telekanalida hindistonlik kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan «Senga oshiqman» seriali namoyishi boshlandi. O‘zbekistonda ko‘proq serialning bosh qahramoni Ishani nomi bilan mashhur bu serial ijtimoiy tarmoqlarda va turli bloglarda keskin tanqidga uchradi. Tanqidchilar bu film o‘zbek mentalitetiga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini yozdi. Shunga qaramay, O‘zbekistonda ushbu serialning muxlislari juda ko‘p edi, hatto qashqadaryolik ota-ona tug‘ilgan qiziga Ishani deb ism qo‘ydi. Xonanda Sharof Muqimov Ishani obrazini yaratgan Radhika Madanni klipiga ham chaqirmoqchi bo‘ldi.

«Senga oshiqman» serialidan kadr.
Kadr: «YouTube»

2015-yil sentyabrda Ommaviy axborot vositalari monitoringi markazi bu serial o‘zbek mentalitetiga zidligi haqida xulosa berdi:

«Xulosa qilib aytganda, mazkur serial g‘oyasi xalqimiz mentalitetiga, milliy an’analar va oilaviy qadriyatlarga zid bo‘lib, uning mazmuni yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir etadi.

Mazkur serial mazmuni O‘zbekiston Respublikasi «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunnning 14-moddasining 3-xatboshisi (qonunga xilof ravishda ijtimoiy ongga axborot vositasida ruhiy ta’sir ko‘rsatishga, uni chalg‘itishga yo‘l qo‘ymaslik), «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida»gi Qonunining 6-moddasi, 5-xatboshisi (yoshlar orasida odob-axlohni buzishga qaratilgan har qanday xatti-harakatlar man etiladi) hamda «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonuni 16-moddasining 3-xatboshisi (...bolalarga zararli ta’sir ko‘rsatuvchi... filmlarni namoyish etish taqiqlanadi) talablariga ziddir».

2015-yil sentyabr oyi oxirida serialning birinchi fasli tugaganidan so‘ng, «Yoshlar» kanali uning davomi namoyish etmadi.

Bir yildan so‘ng «Madaniyat va ma’rifat» telekanalida hindlarning 2013-yilda suratga olingan «Mahobhorat» seriali efirga berilishni boshladi. Qadimiy hind eposi asosida suratga olingan bu serialda taxt uchun kurash tasvirlangandi. Besh aka-uka shahzoda bir malikaga uylangani o‘zbek tomoshabinlarida keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. Vaholanki, 90-yillarning oxirida ham bu serialning eski talqini o‘zbek tomoshabinlariga taqdim qilingandi. 1970-yilda esa «Janglar qissasi. Mahabharata yoki Bharata avlodlari jangnomasi» nomi bilan hindlarning bu eposi oʻzbek tilida chop etilgandi.

«Mahobhorat» seriali posteri.
Foto: «India-forums.com»

«Islom.uz» sayti orqali «Mahobhorat» serialini tomosha qilish shariatga to‘g‘ri kelishi yoki yo‘qligi borasida savol bilan murojaat ham qilindi. Bu savolga javob quyidagicha bo‘ldi: «Kufrga rozi bo‘lish, kufr hisoblanadi. Shu filmni ko‘rgan ko‘p odamlarning og‘izlaridan: «Janobi Ramga sharaflar bo‘lsin», deyayotganlarini o‘zimiz ham eshitdik. Qanday qilib bu so‘zni kufr deb bo‘lmaydi?»

Tinimsiz tanqidlar oqibatida «Mahobhorat» namoyishi ham to‘xtatildi.

Televideniyeda namoyishi to‘xtatilgani bilan yuqorida nomlari keltirilgan seriallarni tomoshabinlar diskini sotib olib, ko‘rishda davom etaverdi. Tomoshabinlar seriallarni ruscha dublyajda, dublyaj qilinmaganlarini esa turk va hind tilida ham tomosha qilaverdi.

«Senga oshiqman» serialining ruscha dublyajdagi diski.

«Sevgi iztibori» seriali Turkiyada 2015-yildan 2017-yil yozigacha namoyish etilgan bo‘lib, 2 mavsum va 74 qismdan iborat. Uning har bir qismi 120—150 daqiqadan iborat. Serial har bir epizodi turli davlatlarda jumladan, O‘zbekistonda ham bir necha qismlarga bo‘lib uzatildi. Serial 2017-yilda «Yilning eng yaxshi telenovellasi» nominatsiyasida «Emmi» mukofotini qo‘lga kiritdi. Dunyoning 20 dan ortiq davlatida, xususan, BAA, Iroq, Afg‘oniston Islom Respublikalarida ham namoyish etildi. Qarorgohi Istanbulda joylashgan GEM Group telekanalining forscha subtitrlari bilan serialni Eron Islom Respublikasida ham ko‘rishdi.

«Sevgi iztirobi» ijodkorlari «Emmi» mukofoti bilan.
Foto: «1news.az»

O‘zbekistondagi «Zo‘r TV» xususiy kanali orqali ushbu serial 2017-yil sentyabridan boshlab namoyish etila boshlandi. Ushbu serial O‘zbekistonda tezda ommalashdi, hatto choyxonalarda ham serialni katta qiziqish bilan tomosha qilishdi. Uning reklama bannerlarini poytaxt ko‘chalarida ham ko‘rish mumkin edi. O‘zbekistonliklar «Google»da 2017-yilda eng ko‘p qidirgan so‘rovlar orasida 2-o‘rinni egalladi.

Shu yilning 14-fevral kuni xotin-qizlar masalasida o‘tkazilgan majlisda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov televideniyeda namoyish etilayotgan seriallarni tanqid qildi. «Kun.uz»ning yozishicha, Aripov «Sevgi iztirobi» serialiga ham to‘xtalib, oilalardagi ma’naviy muhit buzilayotgan, ajrashishlar ko‘payayotgan bir paytda bu kabi saviyasi past seriallarni namoyish etishni qattiq tanqid qilgan. 16-fevral, juma kuni esa «Sevgi iztirobi» seriali namoyishi Zo‘r TV’da to‘xtatildi. Serialning endigina ikkinchi fasli namoyishi boshlangandi.

Qizig‘i, namoyishi oxiriga yetmay qolgan bu seriallarning bari O‘zbekiston kabi Sharqning bir bo‘lagi hisoblangan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan. Ayni vaqtda, «ma’naviyat himoyachilari» tomonidan «ommaviy madaniyat»ning manbasi sifatida nuqul olabo‘ji qilib ko‘rsatiladigan G‘arb mamlakatlarida (Lotin Amerikasi davlatlarini ham shu turkumga kiritish mumkin) suratga olingan qator seriallarning o‘zbek telekanallari orqali efirga uzatilgan, efirga uzatilmoqda. Biroq ularning namoyishini to‘xtatish uchun jamoatchilik yo ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining bunchalik jonbozlik ko‘rsatganini eslash qiyin. Kim bilsin, balki buning sababi ularning «Sevgi iztirobi» yoki «Mahobhorat» kabi ommalashib ketmaganidadir?

«Daryo.uz»ning ma’lum qilishicha, 2017-yilning ikkinchi yarmidan «Kinoteatr» kanali o‘z vaqtida «Yoshlar» kanalida to‘xtatilgan «Kelin» va «Senga oshiqman» seriallarini qayta namoyish etishni boshladi. Ayni vaqtda «Kelin» seriali oxiriga yetgan bo‘lsa, 2015-yilda qonunchilikka zidligi aytilgan «Senga oshiqman» seriali hali ham davom etmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring