6-yanvar kuni Senatning o‘n birinchi yalpi majlisi chaqiriladi
2020-yil 30-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Senatning axborot xizmati xabar berdi.
Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Senat Raisi davlatimiz rahbarining parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida barcha sohalar qamrab olinganligi, har bir yo‘nalish bo‘yicha vazifalar aniq belgilanganini ta’kidladi. Mazkur vazifalar negizida ijtimoiy masalalar xalqning farovonligini ta’minlash, aholining muammolarini zudlik bilan bartaraf etish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash yotadi. 2021-yilni «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» deb nomlash taklifi xalqimiz tomonidan ishtiyoq bilan kutib olindi.
Bugungi kunda aholining 60 foizini yoshlar tashkil etadi, shuning uchun ularning salomatligi, kamoloti, tarbiyasi va ta’lim olishiga katta e’tibor berilmoqda. Murojaatnomada kompleks ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Birinchi marta nogironligi bo‘lgan bolalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga alohida ahamiyat qaratildi.
Qolaversa, xalq bilan muloqot va jamoatchilik bilan aloqalarni yanada mustahkamlash bo‘yicha vazifalar qayd etildi. Ushbu yo‘nalishda aholini tashvishga solayotgan muammolarni hal qilishning samarali tizimini yaratish, yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, xotin-qizlarni, shu jumladan, murakkab ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollarni manzilli qo‘llab-quvvatlash va ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish, shuningdek, gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha vazifalar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirishga doir chora-tadbirlar belgilab olindi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisini 2021-yil 6-yanvar kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Videokonferensaloqa shaklida bo‘lib o‘tadigan yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash haqida»gi, «Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari muhokama qilinishi nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, Kengash majlisida Oliy Majlis Senatining prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi faoliyatini samarali tashkil etish, qolaversa, Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlaydigan senator A. To‘ychiyevning Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasi kuzatuvchilar missiyasi tarkibida Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentligiga muddatidan oldin bo‘lib o‘tadigan saylovda ishtirok etishi to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi hamda tegishli qaror qabul qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter