Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston Qurolli Kuchlar Bosh shtab boshlig‘i Qirg‘iz Respublikasi harbiy delegatsiyasini qabul qildi (foto)

O‘zbekiston Qurolli Kuchlar Bosh shtab boshlig‘i Qirg‘iz Respublikasi harbiy delegatsiyasini qabul qildi (foto)

Mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Qirg‘iz Respublikasi Qurolli Kuchlar Bosh shtab boshlig‘i general-mayor Erlis Terdikbayev Mudofaa vazirligida O‘zbekiston mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtab boshlig‘i general-mayor Shuxrat Xalmuxamedov bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida har ikki davlat Qurolli Kuchlari Bosh shtab boshliqlari O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikasi o‘rtasida o‘rnatilgan do‘stona munosabatlarga alohida to‘xtalib, kelgusida uning doirasi yanada kengaytirilishiga ishonch bildirishdi. Uchrashuv davomida Qirg‘iz Respublikasi harbiy xizmatchilarini O‘zbekiston oliy harbiy ta’lim muassasalarida ta’lim olishini tashkillashtirish borasida imzolangan bitim shu yo‘lda tashlangan navbatdagi qadam bo‘lganligini ta’kidlash o‘rinli.

Shundan so‘ng faxriy mehmonlar general-mayor Shuxrat Xalmuxamedov hamrohligida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasiga tashrif buyurishdi. Akademiya boshlig‘i polkovnik Bobur Shoyoqubov tomonidan mehmonlarga ta’lim maskani yaqindan tanishtirildi.

– O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasiga tashrifim bugungi imzolangan hamkorlik shartnomasi uchun juda muhim. Chunki mintaqamizdagi yetakchi oliy harbiy ta’lim muassasasidagi sharoitlar bilan yaqindan tanishish kun tartibiga kiritilgan eng asosiy vazifalardan biridir. Davlatlarimiz Mudofaa vazirliklari o‘rtasida harbiy ta’lim sohasida hamkorlikning yangi bosqichi aynan shu ta’lim maskani bilan bog‘liq holda boshlanishi o‘ziga xos ahamiyatga ega, – dedi general-mayor Erlis Terdikbayev.

Qurolli Kuchlar akademiyasidagi shart-sharoitlar, o‘quv jarayonlari va eksponatlar bilan tanishish chog‘ida Erlis Terdikbayev hukumatimizning harbiy ta’lim sohasiga qaratayotgan e’tiboriga yuqori baho berdi.

Kunning ikkinchi yarmida Qirg‘iz Respublikasi Qurolli Kuchlar Bosh shtab boshlig‘i O‘zbekiston Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasiga qarashli korxona va Chirchiq aviatsiya ta’mirlash zavodida ham bo‘ldi.

General-mayor Erlis Terdikbayevning mamlakatimizdagi amaliy tashrifi uch kun davom etadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va
ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring