O‘zbekiston «qora ro‘yxat»dan chiqib, «qizil hudud»ga kirdi
«Chegara bilmas muxbirlar» xalqaro nodavlat tashkiloti (Reporters sans frontières, RSF — sayti O‘zbekistonda bloklangan) har yillik matbuot erkinligi reytingini e’lon qildi.
«Gazeta.uz» xabariga ko‘ra, O‘zbekiston bu reytingda 160-o‘rinni egallab, matbuot erkinligining eng yomon pozitsiyasiga ega bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatini tark etgan. O‘tgan yili O‘zbekiston ro‘yxatda 165-o‘rinni egallagan. Shu bilan birga, hozirgi holat RSF tomonidan «yomon» (bad) deb baholanmoqda.
«Nazorat, senzura va o‘z-o‘zini senzura qilish hali ham mavjud, hukumat esa ommaviy axborot vositalari ustidan nazoratni sezilarli darajada saqlab turibdi», — deyiladi tashkilot hisobotida.
Qozog‘iston reytingda 158-o‘rinni, Tojikiston esa 161-o‘rinni egallagan. Turkmaniston 180-o‘rinda reytingga yakun yasaydi. Qirg‘iziston matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat «muammoli» (problematic) deb baholangan yagona Markaziy Osiyo mamlakatiga aylanib, 83-o‘rinni egallagan.
Rossiya (148-o‘rin), Belarus (153), Ukraina (102), Moldova (91), Armaniston (61) va Gruziya (60) sobiq SSSR mamlakatlari ichida O‘zbekistonga nisbatan yuqorida joylashgan. Boltiqbo‘yi mamlakatlarida vaziyat ancha yaxshi: Litva — 30, Latviya — 24, Estoniya — 11-o‘rin.
Birinchi o‘rni Norvegiya, Finlyandiya ikkinchi, Shvetsiya uchinchi o‘rinni egallagan. Birinchi o‘ntalikka Gollandiya, Daniya, Shveysariya, Yangi Zelandiya, Yamayka, Belgiya va Kosta-Rika kirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter