Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston Qahramoni: «Paxta yetishtirish va terib olish uchun barcha sharoitlar yaratildi»

O‘zbekiston Qahramoni: «Paxta yetishtirish va terib olish uchun barcha sharoitlar yaratildi»

Foto: «Xabar.uz»

Mehnat samarasini hech narsa bilan almashtirib bo‘lmaydi, chunki uning zamirida haqiqiy peshona teri yotadi. Ana shu harakat insonga baxt-saodat, omad keltiradi. Halol mehnatdan topilgan boylik insonlarga ezgulik keltiradi.

Men ham 2000 yilda «Bog‘ot» fermer xo‘jaligini tashkil qilib, ko‘plab yutuqlarga erishdim.  Misol uchun,  o‘tgan yillar davomida xo‘jaligimiz paxta va g‘alla yetishtirib, yuksak xirmon yaratmoqda. Har yildagi kabi, joriy yilda ham ekilgan paxta maydonlaridan birinchi terimda har bir gektardan 37 sentnerdan paxta yig‘ib olindi. Shu kunlarda ham dalalarda qolgan paxtani nes-nobud qilmasdan o‘z vaqtida yig‘ib olish uchun paxta terim ishlarini jadallik bilan olib bormoqdamiz.

Yana bir gap. Hududlarda paxta klasterlar tashkil qilingandan buyon, tashvishimiz ancha kamaydi. Sababi ekin-tekin davri boshlanishidan avval, bahor faslidayoq  klasterlar mineral o‘g‘it, yoqilg‘i-moylash materiallarni, ehtiyot kismlar kabi zarur bo‘lgan barcha materiallarni belgilangan me’yorda yetkazib bermoqda.  

Tumanimizdagi boshqa fermerlar kabi  biz ham barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarib, bu yil ancha ulkan marralarni ko‘zlab, qo‘proq daromad olishni rejalashtirganmiz.

Fermerlar uchun yaratilgan imkoniyatdan foydalanib, xo‘jaligim hisobidagi zarur texnikalarni imtiyozli kredit asosida xarid qildim va ushbu texnikalardan hosil unumdorligi uchun foydalanyapman. Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq  qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirish bilan birga, uni qayta ishlash, saqlash va realizatsiya qilish, xizmatlar ko‘rsatishni maqsad qilganmiz.

Bu yil paxta sotish narxi oshirilib, birinchi terimda terilgan 1 kg paxta uchun 1200 so‘m, ikkinchi terimdagi 1 kg uchun 1500 so‘m belgilangani boshqalar kabi bizni ham quvontirdi. Paxta yetishtirish va terib olish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ayni vaqtda mahalla aholisi  ixtiyoriy paxta yig‘im-terimiga qatnashib yaxshigina qo‘shimcha daromad topmoqda. Terilgan kunlik pullar dalaning o‘zida, tarozi ustida berilayotgani, terimchilar uchun tushlikda issiq ovqatlar ham tashkil qilingani ko‘pchilikka manzur bo‘lmoqda.

Mana sovuq va yomg‘irli kunlar kelmoqda. Shu kunlarda paxtani o‘z vaqtida, yomg‘irga qoldirmasdan yig‘ishtirib olishdan o‘zimiz manfaatdormiz. 

Shu tariqa kamtarona mehnatlarim evaziga 2007 yilda «Shuhrat» medali,  2010 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni,  2016 yilda esa «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlandim.

Kelgusida xo‘jaligimizni ko‘p tarmoqli fermerga aylantirish va xalqqa xizmat ko‘rsatish turlarini yanada kengaytirishni har bir tarmog‘ini rivojlantirish orqali daromadimizni oshirish imkoniyati katta. Bu bizning qo‘limizni uzun qiladi. Kutilayotgan yuqori daromad evaziga ijtimoiy sohaning rivojiga o‘z hissamizni qo‘shish, jumladan, qishloq aholisini ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Gapni qisqasini aytadigan bo‘lsak, shu yurtda tug‘ilganimdan faxrlanaman va g‘ururlanaman. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan turli xil mish-mishlar biroz dilimni xira qildi. Shu sohada  to‘plangan  50 yildan oshiqroq mehnat faoliyatim va  tajribam asosida shuni aytishim mumkin-ki, bularning barchasi asossiz. Kelgusida hozirga qadar erishgan yutuqlarimdan to‘xtamasdan, yanada ulkan marralarga erishishni  rejalashtirganmiz.

Sharipboy Rajabov,
Xorazm viloyati Bog‘ot tumani «Bog‘ot» fermer xo‘jaligi rahbari, 
O‘zbekiston Qahramoni

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring