O‘zbekiston pandemiyaga qay darajada tayyorgarlik ko‘rgani ma’lum qilindi

AOKA shtabida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Xabibulla Oqilov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Brifingda muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi.
— Pandemiya boshlanishidan avval O‘zbekistonda tayyorgarlik qay darajada edi?
— Xitoyning Uhan shahrida epidemiya boshlanib, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyo bo‘ylab pandemiya ehtimolini e’lon kilgan kunda O‘zbekistonda Maxsus komissiya tashkil qilinib, barcha tayyorgarlik ishlari oldindan boshlangan. Maxsus kiyim-kechak, niqoblar, dori-darmonlar, dezinfeksiya vositalari, kerakli asbob-uskunalar keltirilgan, shuningdek, tibbiyot mutaxassislari COVID-19 ni davolash bo‘yicha malaka oshirish kurslarida tayyorlanishdi. Shuning uchun ham O‘zbekistonga koronavirus kirib kelganda bizda tayyorgarlik darajasi yuqori bo‘lgan.
— Britaniyalik olimlarning D vitamini va quyosh nurining yetishmasligi koronavirusdan o‘lim holatini kuchaytirishi haqidagi taxminlari to‘g‘rimi?
— D vitamini yetishmovchiligining koronavirusdan o‘lim holatini kuchatirishiga uzviy bog‘liqligi isbotlanmagan. Haqiqatan ham D vitamini yetishmovchiligi organizmda immunitet zaiflashishiga va uning kasalliklarga tez chalinishiga olib kelishi mumkin. Biroq bularning barchasi olimlarning taxminlari bo‘lib, bu borada izlanishlar davom etmoqda.
— Virusdan himoya vositalari (niqob, qo‘lqop, ko‘zoynak va hokazo) o‘zimizda ishlab chiqariladimi yoki xorijdan keltirilyaptimi?
— Karantin davrida respublikamizning bir qator kichik va o‘rta biznes tadbirkorlari barcha himoya vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishgan. Niqob, ustki himoya kiyimi, qo‘lqop va boshka dezinfeksiya vositalari kerakli mikdorda o‘zimizda ishlab chiqarilmokda.
— O‘zbekistonda koronavirusning qanday yuqish holatlari ko‘proq uchrayapti?
— Koronavirus aholiga qaysi yo‘l bilan — aksirish, qo‘l berib ko‘rishish yoki buyumlar orqali yuqqanligini aniq aytish mushkul.
— «Karantinda uzoq o‘tirish salomatlikka zarar, eng avvalo immunitet susayishiga olib keladi», deyishmoqda. Karantinning foyda va zarari haqida nimalar deya olasiz?
— Karantin — bu albatta oson bo‘lmagan jarayon. Uning eng asosiy foydasi — kasallikni yuqtirmaslik va tarqalmasligi. Zarari — kamharakatlik albatta imunitetning susayishiga olib kelishi aniq. Shuning uchun shifokorlarimiz valeologiyaning asosiy tamoyillariga rioya qilishni tavsiya etishadi:
➖ hovli yoki xonadon ichida jismoniy faollik, badantarbiya,
➖ joyida turib yugirish,
➖ «trenajyor»lardan foydalanish,
➖ xonani tez-tez shamollatib turish.
Eng asosiysi — to‘g‘ri ovqatlanish. Kam kaloriyaga ega va vitaminlargan boy ovqatlarni tanovul qilish maqsadga muofiqdir. Immunitetni ko‘tarish uchun mahalliy tabiiy o‘simlik dori vositalaridan iste’mol qilib turish.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter