O‘zbekiston nomidan Oskar mukofotiga ilgari suriladigan filmlar e’lon qilindi
Sayyoramizning eng nufuzli kinomukofoti hisoblangan 93-Oskar taqdirlash marosimining «Eng yaxshi xalqaro badiiy film» nominatsiyasiga O‘zbekiston nomidan Jaxongir Qosimovning «Ibrat», Ayub Shaxobiddinovning «Rangsiz tushlar» va Yolqin To‘ychiyevning «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmlaridan biri ilgari surilishi kutilmoqda.Bu haqda «O‘zbekkino» matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Oskar qo‘mitasi 2021-yilning 25-aprel kuni Los Anjeles shaxrining mashhur «Dolby» teatrida bo‘lib o‘tadigan eng nufuzli marosim tanlovida ishtirok etishi uchun munosib nomzod bo‘yicha so‘nggi qarorini shu yilning 20 noyabr kuni e’lon qiladi.
O‘zbekiston Oskar qo‘mitasi yangi tarkibdagi a’zolarini tasdiqladi. Qo‘mita raisi etib «O‘zbekkino» Milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduholiqov tayinlandi.
Qo‘mita a’zolari tarkibidan Zulfiqor Musoqov, Matyoqub Matchonov, Bahodir Odilov, Hamidulla Hasanov, Eljon Abbasov, Nigora Karimova, Jahongir Axmedov, Mannop Qo‘chqorov, Aziz Arziqulov, Umid Hamdamov, Bahtiyor Yoqubov, Farruh To‘laganov, Eldor Yuldashev, Igor Pinxasov hamda prodyuser va Qo‘mita koordinatori Oybek Abdushukurov o‘rin olgan.
Oskar reglamentiga muvofiq mukofotga nomzod filmlarga taqdimot bo‘lgunga qadar televideniye va internet tarmog‘ida namoyish etilmagan bo‘lishi talab qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yil bahorida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, «O‘zbekkino» Milliy agentligi va O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Oskar qo‘mitasi tashkil qilinib, AQSh kinoakademiyasi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ilk bor Umid Xamdamovning «Issiq non» filmi O‘zbekiston nomidan nufuzli mukofotga ilgari surilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter