O‘zbekiston musulmonlari idorasida bezorilik qilgan shaxslar DXX tergov hibsxonasiga tushdi
Shu yilning 8 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida ikki nafar shaxsning jamoat tartibini buzganliklari to‘g‘risida xabar berilgandi.
Olmazor tumani ma’muriy ishlar bo‘yicha sudi ushbu fakt bo‘yicha to‘plangan materiallarni o‘rganib chiqib va tomonlar fikrlarini eshitib, 43 yoshli R.K. va 47 yoshli T.A.ni ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, har ikkalasiga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Ma’lum qilinishicha, ularga nisbatan yangi jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Toshkent shahar ichki ishlar Bosh Boshqarmasi tomonidan fuqarolar 1975-yilda tug‘ilgan R.Karimov va 1971-yilda tug‘ilgan T.Astanovga nisbatan to‘plangan materiallar qonuniy chora ko‘rish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatiga taqdim etilgan. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Mazkur materiallar huquqiy baho berish maqsadida DXXning Tergov Boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqilgan va R.Karimov hamda T.Astanovga tegishli mobil telefonlar xotiralarida mamlakatimizda faoliyati ta’qiqlangan ekstremistik tashkilotlarga tegishli va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan hamda aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi materiallar mavjudligi aniqlangan.
R.Karimov va T.Astanovning harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 2441-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi mavjudligi inobatga olinib, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasiga asosan mazkur shaxslar ushlanib, DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter