O‘zbekiston musulmonlari idorasi Quddusdagi vaziyat bo‘yicha munosabat bildirdi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Quddusdagi vaziyat bo‘yicha munosabat bildirdi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa beadad hamdu sanolar, Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga behisob salavotu salomlarimiz bo‘lsin.
Tinchlik buyuk ne’mat, inson hayotining birlamchi sharti. Shuning uchun ham qadimdan barcha xalqlar tinchlikni asrash uchun moli-yu joni bilan kurashib kelgan. Ammo voqelik tinchlikni ko‘plab mamlakatlar uchun hali hanuz orzu bo‘lib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Hozirda mamlakatlar osoyishtaligiga raxna soluvchi omillar turlicha, davlatlar o‘rtasidagi nizoli vaziyatlar, milliy va etnik qarama-qashiliklar va hakozo.
Bugungi kunda dunyoning ayrim davlatlari amalga oshirayotgan turli niqoblar ostidagi zo‘ravonlik, qo‘poruvchilik va bosqinchilikka asoslangan hatti-harakatlar hech bir me’yorga to‘g‘ri kelmaydi. Davlatlar va xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning umume’tirof etilgan umuminsoniy qoidalar va xalqaro huquqiy normalar asosida tashkil etilishi tinchlik va barqarorlikning eng muhim shartidir.
Bugungi tahlikali davrdagi shunday holatlar har bir aqli raso kishidan doimo ogohlik va hushyorlikni, sodir bo‘layotgan hodisalarga ziyrak ko‘z bilan qarashni talab etadi.
Tinchlik, omonlik va xotirjamlik shunchalik ulug‘ ne’matki, uning qadrini faqatgina shu ne’matdan, Xudo saqlasinki, mahrum bo‘lganlargina to‘liq anglaydi.
Kim o‘lur holatga yetsa, ul bilur jon qadrini.
Yo‘qsa, shinam ko‘chalarda bamaylixotir yurish qayoqda? Ona-Vatan bo‘ylab hatto yarim kechada bo‘ladimi, o‘z qishlog‘idami, yurtining xohlagan go‘shasida bo‘ladimi hadiksiz yurish qayoqda edi?
Bu bebaho ne’matning ulug‘ligidanki, hazrat Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam hadisi shariflarida qayta-qayta ta’kidlaganlar. Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sallalohu alayhi va sallamning huzurlariga bir kishi kelib:
‒ Ey, Allohning Rasuli, duolarning qay biri afzalroq? – deb so‘radi.
– Parvardigoringdan dunyo va oxiratda afv va ofiyat(tinchlik, xotirjamlik)ni so‘ra, – javob berdilar janob Sarvari koinot sallalohu alayhi va sallam.
Ikkinchi kuni kelib yana:
– Ey, Allohning Rasuli, duolarning qay biri afzalroq? – deb so‘radi.
– Parvardigoringdan dunyo va oxiratda afv va ofiyat(tinchlik, xotirjamlik)ni so‘ra, – javob berdilar yana.
Uchinchi kuni kelib yana:
– Ey, Allohning payg‘ambari, duolarning qay biri afzalroq? – deb so‘radi.
– Parvardigoringdan dunyo va oxiratda afv va ofiyat(tinchlik, xotirjamlik)ni so‘rayver. Bas qachonki senga dunyo va oxiratda afv va ofiyat berilsa, batahqiq najot topibsan – javob berdilar janob Sarvari koinot sallalohu alayhi va sallam (Imom Termiziy rivoyati).
Shu kunlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sharqiy Quddusdagi mo‘min-musulmonlar uchun eng tabarruk mintaqada notinchliklar davom etayotganidan jiddiy tashvishdadir.
Jahon hamjamiyati Falastin-Isroil muammosini xalqaro huquq normalariga muvofiq, tinch yo‘l bilan hal etilishi zarurligini bot-bot ta’kidlamoqda. Zero, Islom dini – avvalo, tinchlik va do‘stlikka, ahillik va birdamlikka hamda bag‘rikenglikka da’vat etadi.
Al-Aqso masjidi Islom dini manbalarida keltirilgan uch muqaddas masjiddan biridir. Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Ulovlar faqat uchta masjid tomongagina jihozlanadi: Masjidi Harom, mening ushbu masjidim va Masjidi Aqso».
Quddus shahrida joylashgan muqaddas makon – Masjidi Aqso yoxud Baytul Maqdis Makkadagi Masjidul Haromdan keyin qurilgan eng qadimgi masjid. Ushbu tabarruk maskanlar mo‘min-musulmonlar uchun doimo azizu mukarramdir.
Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozni avval Masjidul Aqso tomonga yuzlanib o‘qidilar. O‘n uch yillik Makka davri to‘liq shunday o‘tdi. Madina shahriga hijrat qilganlaridan keyin ham mazkur masjid qiblalikda davom etdi. Faqat o‘n olti oy o‘tibgina qibla Makka shahridagi Haram tomon o‘zgardi.
Manbalarda qayd etilishiga ko‘ra, uni Odam alayhissalom barpo etgan. Zamonlar o‘tib esa Ibrohim alayhissalom uni qayta tiklagan. Keyin Is’hoq va Yoqub alayhissalomlar unga mas’ul bo‘ldilar. So‘ng Sulaymon alayhissalom tomonidan masjid yangidan qad rostlab hozirgi ko‘rinishga keldi.
Isro kechasi Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamni Makka shahridan Quddusga – Aqso masjidiga sayr ettirdi. Bu haqida: «O‘z bandasini tunda Masjidi Haromdan atrofini barakotli qilib qo‘yganimiz Masjidi Aqsoga oyatlarimizni unga ko‘rsatish uchun sayr ettirgan Zot (o‘ziga noloyiq sifatlardan) pokdir» (Isro, 1).
Isro kechasi Nabiy alayhissalom Makkadagi Masjidi Haromdan chiqib, farishta Jabroil alayhissalom bilan Quddus shahriga bordilar. Masjidi Aqsoda barcha payg‘ambarlarga imomlik qilib namoz o‘qib berdilar.
Demak, Masjidul Aqso Islom dinining shior makonlaridan biri, ikki qiblaning birinchisi, uchta asosiy masjidlar sirasidan, musulmonlarga tegishli muborak maskan. O‘z navbatida ushbu mintaqada boshqa din vakillari uchun ham tabarruk hisoblangan ziyoratgohlar mavjud. Shunday ekan mintaqada zo‘ravonlik, jabru sitamga chek qo‘yilishi hamda bundan buyon shafqatsizlik va qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik juda ham muhim hisoblanadi.
Zero, Islom dini insonlarga ozor berishdan qaytaradi. Nafaqat inson zotiga, balki, chumoliga ham ozor berish, hattoki, aziyat beruvchi biror so‘z aytishdan ham qaytaradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi hozirgi qaltis vaziyatda davlatlar, millatlar va elatlar o‘rtasidagi nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish eng to‘g‘ri yo‘l, deb hisoblaydi. Ayni vaqtda, mo‘min-musulmonlarni mavjud voqelikni Quddusdagi vaziyat bilan bog‘lagan holda noo‘rin bahs-munozaralar, ixtilof va tushunmovchiliklar keltirib chiqarishga, noto‘g‘ri xatti-harakatlarga da’vat qilayotgan fitnalardan ehtiyot bo‘lishga chaqiramiz.
Ta’kidlash joizki, Sharqiy Quddusdagi notinch vaziyat barchamizning dillarimizni og‘ritdi, ruhoniyatimizni mahzun qildi. Bunday paytlarda mo‘minning mo‘mindagi haqqi duo qilishdir. Zero, duo najot va qalqondir. Yaratgan Parvardigordan iltijo qilib so‘raymizki, butun dunyo, xususan, musulmon olamida tinchlik va ofiyatni barqaror etsin, Yer yuzidagi barcha mo‘min-musulmonlarga omonlik, nusrat va qalblariga sakinat ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter