O‘zbek merganlari Turkiyada yuqori natija ko‘rsatishdi (foto)
Turkiyaning Egridir shahridagi «Komando» o‘quv markazi bazasida yetakchi davlatlarning harbiy xizmatchilari o‘rtasida «Eng ilg‘or merganlar jamoasi» nomli xalqaro musobaqa o‘tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar bermoqda.
Unda Germaniya, Bahrayn, Qatar, Ozarbayjon kabi dunyoning 12 davlatidan jami 33 ta jamoa, Turkiyaning o‘zidan esa dengiz maxsus kuchlari, quruqlikdagi maxsus kuchlari, maxsus operatsiyalar kuchlari kabi alohida qo‘shin turlaridan jami 15 ta jamoa ishtirok etdi.
Kunduzgi va tungi mashg‘ulotlarni o‘z ichiga olgan musobaqa bellashuvlari o‘n kun davomida o‘tkazildi. Ushbu xalqaro musobaqaning boshqa merganlik musobaqalaridan farqi shundaki, unda vertolyot va qayiqda ham harakat vaqtida otish mashqlari bajarildi.
Shuningdek, musobaqaning hech bir bosqichida lazerli masofa o‘lchagichlardan foydalanishga ruxsat berilmadi, merganlar 1000 metr va undan ortiq masofada bo‘lgan nishonni optik moslamalar yordamida aniqlab, belgilangan vaqt orasida uni yakson qildilar.
Bundan tashqari, musobaqa ishtirokchilari tunggi vaqtda magnit azimuti bo‘yicha tog‘li hududda 6 soat davomida harakatlanib, noaniq masofadagi nishonni yakson etdilar.
O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi vakillari uchun musobaqa o‘tkazilgan hudud butkul notanish, nishonlar va mashqlar haqida to‘liq ma’lumotlar bo‘lmasada, harbiy xizmatchilarimiz barcha shartlarni muvaffaqiyatli bajarib, 12 ta davlat jamoalari orasida faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Birinchi o‘rin mezbon davlat vakillariga nasib etdi.
O‘zbekistonlik harbiy xizmatchilarning tayyorgarligi va mahorati turk hakamlari va merganlari tomonidan yuqori baholandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter