O‘zbekiston maktablariga besh yuzdan ortiq britaniyalik o‘qituvchi jalb qilinadi

Ayni kunlarda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi delegatsiyasi Buyuk Britaniyada bo‘lib, Londonda tashkil etilgan Butunjahon ta’lim forumida ishtirok etdi.
Dunyodagi 130 dan ortiq ta’lim sohasi vakillari qatnashgan ushbu nufuzli xalqaro tadbir doirasida qator uchrashuvlar ham o‘tkazilgan.
Jumladan, Vazir Hilola Umarovning ICESCO tashkiloti bosh direktori Salim al Malik bilan uchrashuvida istiqboldagi hamkorlik, birgalikda ta’lim yo‘nalishiga doir xalqaro konferensiya o‘tkazish masalalari muhokama qilingan.
Cambridge University Press & Assessment tashkiloti bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda esa Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetini transformatsiya qilish va mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga oid kelishuv imzolandi.
«Vazirlik va VSO (Volunteers Services Overseas) tashkiloti o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik kelishuvi imzolandi. Unga ko‘ra, yurtimizdagi umumta’lim maktablariga xorijdan malakali mutaxassis va volontyorlar, 500 nafardan ortiq britaniyalik o‘qituvchilar jalb qilinadi», – deb yozadi Hilola Umarova.
Bundan tashqari Buyuk Britaniya Parlamenti Davlat kotibi o‘rinbosari — Erta yoshdagi bolalar ta’limi vaziri Stiven Jeyms Morgan bilan bolalarni sog‘lom ovqatlantirish yo‘nalishidagi ishlar, istiqboldagi rejalar haqida ham fikr almashilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter