«O‘zbekiston-Koreya hamkorligi ijobiy tendensiyaga ega» — Ko Gyu Chang
Koreya Respublikasi Ichki ishlar va xavfsizlik vazirining o‘rinbosari Ko Gyu Chang boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Bugun, 15 fevral kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Koreya Respublikasi Ichki ishlar va xavfsizlik vazirining o‘rinbosari Ko Gyu Chang bilan uchrashgani haqida avvalroq xabar bergandik.
Kunning ikkinchi yarimida martabali mehmonlar Toshkent shahridagi Inha universitetiga tashrif buyurishdi.
Tashrif doirasida universitetda «Koreya va O‘zbekistonning elektron hukumat sohasidagi hamkorligi» mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminar dasturi sessiyalarga bo‘lingan holda tashkil etilib, unda ishtirokchilar raqamli hukumat strategiyalari, ma’lumotlar markazlari xavfsizligi va boshqa muhim masalalarni muhokama qilishdi.
Tadbirda AKT vaziri Sherzod Shermatov kirish so‘zi bilan chiqish qildi. U o‘z nutqida mazkur seminar amaliy jihatdan har ikki tomon uchun ham juda foydali bo‘lishiga umid bildirdi.
Seminarda so‘zga chiqqan Koreya Respublikasi ichki ishlar va xavfsizlik vaziri o‘rinbosari Ko Kyu Chang AKT sohasidagi O‘zbekiston-Koreya hamkorligi jadal rivojlanib borayotgani va ijobiy tendensiyaga ega ekanini qayd etdi.
Tadbirda O‘zbekiston va Koreyaning raqamli hukumati strategiyalari va holatiga oid ma’ruzalar o‘qildi, shuningdek, milliy soliq tizimi va Koreya Respublikasida sun’iy intellektga asoslangan ma’lumotlar markazi xavfsizligiga oid ma’lumotlar o‘qib eshittirildi.
Hozirda ikki davlat o‘rtasida elektron hukumat sohasida faol hamkorlik davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida 2013 yildan buyon «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish sohasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter