O‘zbekiston kambag‘allikni yo‘qotish uchun Yaponiya bilan hamkorlik qiladi
Bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov kecha, 15 aprel kuni videokonferensiya shaklida o‘tgan «Markaziy Osiyo + Yaponiya» tashqi ishlar vazirlarining 8-yig‘ilishida Yaponiyaning «Bir qishloq – bitta mahsulot» dasturi asosida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha qo‘shma dastur ishlab chiqishni taklif qilgan.
Tadbirda Yaponiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikiston hukumatlari vakillari va tashqi ishlar idoralari rahbarlari ishtirok etgan.
Yig‘ilish kun tartibida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar, xususan, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish, chegara nazoratini kuchaytirish, mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqilgan.
Sardor Umurzoqov o‘z chiqishida quyidagi takliflarni bildirgan:
- raqamli iqtisodiyot va elektron tijoratni rivojlantirish;
- Yaponiya texnologiyalari va nou-xaularini joriy qilish;
- «yashil iqtisodiyot»ni ilgari surish;
- iqlim o‘zgarishi jarayonlarini to‘xtatish;
- «Bir qishloq – bitta mahsulot» dasturi asosida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha qo‘shma dasturni ishlab chiqish;
- «Markaziy Osiyo uchun «Yashil kun tartibi» mintaqaviy dasturini ilgari surish;
- IT sohasida o‘qitish va malaka oshirish xizmatlari bilan mintaqa qamrovini kengaytirish;
- 2020 yilda Toshkent shahrida tashkil etilgan Yaponiya raqamli universitetini Markaziy Osiyo raqamli universitetiga aylantirish.
Ma’lumot o‘rnida: «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqotining asosiy vazifalari siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, Yaponiya va yapon kompaniyalarining Markaziy Osiyodagi mavqeini mustahkamlash, mintaqa davlatlari bilan madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirishdan iborat. Ko‘p tomonlama hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari siyosiy muloqot, mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish, biznesni qo‘llab-quvvatlash, intellektual muloqot, madaniy aloqalarni mustahkamlash va inson kapitali almashinuvidir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter