Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston JSTga qo‘shilishga harakat qilmoqda

O‘zbekiston JSTga qo‘shilishga harakat qilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov Jahon savdo tashkiloti (JST) Bosh direktori o‘rinbosari Syanchen Chjan bilan uchrashdi.

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokara jarayonining hozirgi holati hamda bu boradagi hamkorlik doirasida navbatdagi tadbirlar muhokama qilingan.

Syanchen Chjan O‘zbekiston rahbariyatining mamlakatning JSTga a’zo bo‘lishi jarayonini faollashtirish borasidagi sa’y-harakatlariga yuqori baho bergan. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning tashabbuskorligi tufayli tashkilot bilan hamkorlik jadal tus oldi. Shuningdek, u joriy yilning avgust oyida yangi lavozimni egallaganidan beri tashrif buyurgan birinchi mamlakat O‘zbekiston ekanini ta’kidlagan.

O‘zbekiston uchun JSTga a’zo bo‘lish mamlakatni ko‘p tomonlama savdo tizimiga yanada integratsiyalashga qaratilgan ustuvor masala hisoblanadi.

Mamlakat Hukumati savdo-sotiqni erkinlashtirish, JST bitimlari tamoyillari va qoidalari asosida tashqi savdoni isloh qilish tizimlarini modernizatsiya qilish, xorijiy investitsiyalarni rag‘batlantirish, shuningdek, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha jahonning eng yaxshi amaliyotlarini joriy etishga oid sa’y-harakatlarni davom ettirishga sodiq ekanligi ta’kidlandi.

Tomonlar joriy yil oxirigacha O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhning 5-yig‘ilishini o‘tkazish bo‘yicha hamkorlikning amaliy masalalarini muhokama qildilar. Tashkilot rahbariyati ushbu tadbirni o‘tkazishda va umuman O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi jarayonida har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi. Zarur hujjatlarni tayyorlashda JST Kotibiyati va uning xalqaro ekspertlari tomonidan O‘zbekistonga ko‘rsatilayotgan texnik yordamni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar muzokara jarayoni bilan bog‘liq barcha masalalarni hal etishni jadallashtirish yuzasidan birgalikdagi ishlarni faollashtirishga o‘zaro tayyorligini bildirdilar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring