O‘zbekiston ixtirochi ayollari ilk bor «KIWIE 2018»da qatnashib, yuqori o‘rinlarni egalladi

Koreya Ixtirochi ayollari Assotsiatsiyasi (KWIA), Koreya Intellektual Mulk Offici (KIPO) va Xalqaro Intellektual Mulk tashkiloti (WIPO) tomonidan joriy yilning 28-iyun 3-iyul kunlari Janubiy Koreyada 11-Koreya Xalqaro Ixtirochi Ayollar Ko‘rgazmasi «KIWIE 2018» (Korea International Women’s Invention Exposition) bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro ko‘rgazma ixtirochi ayollarning fan va texnologiya sohasida erishayotgan yutuqlari, tajribalari va yaratgan yangi texnologiyalarini o‘rganish hamda rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilib kelinmoqda. «KIWIE 2018» ko‘rgazmasida 30 dan ziyod davlatdan 518 nafar ixtirochi xotin-qizlar texnika, texnologiya, meditsina, oziq-ovkat, yengil sanoat, kimyo va sanoatning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z ixtirolari hamda innovatsion ishlanmalari bilan qatnashishdi.
Mamlakatimizning olima ayollari ham O‘zbekiston Xotin-qizlar ko‘mitasi tomonidan ilk marotoba ushbu xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etish uchun yuborildi.
Ko‘rgazmada ishtirok etgan ixtirochi ayollar erishgan natijalarini namoyish qilishdi. O‘zbekiston olima ayollarining ixtirolari xalqaro ekspertlar tomonidan o‘rganilib, yuqori baholandi.
Koreyada o‘tkazilgan Xalqaro Ixtirochi Ayollar Ko‘rgazmasi «KIWIE 2018»da O‘zbekiston olima ayollaridan professor Karima Norqulovaning «Bolg‘achali tegirmon» nomli foydali modeliga patenti oziq-ovqat sanoati yo‘nalishi bo‘yicha «Grand Prize»ni qo‘lga kiritdi. Shuningdek professor Karima Norqulovaning «Quritish qurilmasi» ixtirosiga patenti oltin hamda «Tugunaklarni qurutish usuli» ixtirosiga patenti kumush medalni qo‘lga kiritdi. Doktor PhD Maloxat Ilxamovaning «Bolalar poyabzali uchun profilaktik ich patak» nomli foydali modeliga patenti hamda «Elektr o‘tkazuvchan poyabzal» ixtirosiga patenti kumush medallarni hamda «Qiz bolalar uchun tufli» sanoat na’munasiga patenti bronza medalni, professor Paraxat Matyakubovaning «Sochiluvchan moddalarning issiqlik nam o‘lchagichi» ixtirosiga patenti kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Ko‘rgazma doirasida Xalqaro forum, davra suxbatlari o‘tkazildi. Shuningdek, Intellektual mulk sohasidagi lider ayollarning Akademiyasida seminar ham tashkil qilindi. O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari ham bu seminarda ishtirok etishib, ixtirolarni amaliyotga joriy qilish va tijoratini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘z malakalarini oshirib sertifikatlar olishdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi Innovatsiya va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i, professor K.T.Norqulova mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yaratilayotgan imkoniyatlar, ixtirochi xotin-qizlar bilan amalga oshirilayotgan ishlar haqida xalqaro ko‘rgazma va forum ishtirokchilari oldida ma’ruza qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter