Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston Energetika vazirligi Qirg‘izistonga eksport qilingan «tok» bo‘yicha izoh berdi

O‘zbekiston Energetika vazirligi Qirg‘izistonga eksport qilingan «tok» bo‘yicha izoh berdi

Bir muddat oldin O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonga 145,6 mln kilovatt-soat hajmdagi elektr energiyasini qaytarib bergani va bu katta ehtimol bilan o‘tgan qish mavsumida tranzit davlat sifatida ushlab qolingan «qarz» bilan bog‘liq ekani haqidagi taxmin ilgari surilgan edi.

O‘zbekiston energetika vazirligi ushbu xabar yuzasidan rasmiy izoh berdi.

Unga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari energetika tizimi, xususan, Qirg‘iz va O‘zbekiston Respublikalari energetika tizimi parallel ravishda ishlaydi.

Shuni hisobga olgan holda ikki mamlakat energetika kompaniyalari o‘rtasidagi kelishuvga asosan, elektr energiyasini yetkazib berish o‘zaro tovar ayirboshlash (olgan miqdori hajmida qaytarish) sharti bilan amalga oshiriladi.

Shunga asosan, 2023-yil bahor mavsumida (ayrim OAVlarda talqin qilinganidek, qish mavsumida emas) O‘zbekistondan Qirg‘iz Respublikasiga (ichki iste’mol past davrda) 150 mln kVt-soat elektr energiyasi yetkazib berilgan.

O‘z navbatida, kelishuvga asosan, ushbu hajmdagi elektr energiyasini Qirg‘iz Respublikasi O‘zbekistonga yoz mavsumida qaytaradi. Shu bilan birga, Qirg‘iz tomoni O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi uchun shu davrda Norin daryosi orqali suv yetkazib beradi.

«Elektr energiyasi shunday narsaki, agar ortiqchasini qaysidir liniyaga ulab yuborilmasa, besamar yo‘qoladi. O‘zbekiston tomoni bahor faslida ortiqcha ishlab chiqarilgan elektr energiyasini qo‘shni respublikaga yo‘naltirilgan. Evaziga yozda ular ortiqcha ishlab chiqariladiganini O‘zbekistonga yo‘naltiradi.

Shuningdek, Norin daryosi orqali bizga qo‘shimcha miqdorda suv ham beriladi.

Arzimagan mablag‘ evaziga Qirg‘iz Respublikasiga katta miqdorda elektr energiyasi yetkazib berilgani haqidagi xabarlar, shu jihatdan mutlaqo asossiz», – deydi vazirlik Matbuot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring