O‘zbekiston elektr energiyasi xizmatlarini zamonaviylashtirish uchun OTBdan 200 mln dollar qarz oladi
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonga energiya samaradorligi va elektr energiyasi xizmatlari ishonchliligini oshirish uchun tizimni modernizatsiya qilish va raqamlashtirishga yordam berishga qaratilgan 200 mln AQSh dollari miqdoridagi qarzni ma’qulladi.
Ushbu loyihasi doirasida hududlardagi 26 ta taqsimlovchi podstansiyalar raqamli podstansiyalarga, jumladan, dispetcher nazorati va ma’lumotlarni yig‘ish (SSADA) tizimiga modernizatsiya qilinadi. Ta’kidlanishicha, raqamli himoya relesi va iqlimga chidamli loyiha podstansiyalarning tabiiy ofatlar va ekstremal ob-havo hodisalar paytida ishlash ishonchliligi va chidamliligini oshiradi, shuningdek, mintaqaviy elektr ta’minotidagi uzilishlarning oldini oladi.
OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha Bosh direktori Yevgeniy Jukov bergan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning taqsimlash tizimi 7,6 million maishiy va sanoat iste’molchilariga xizmat ko‘rsatadi. Xonadonlarni 100 foiz elektrlashtirishga erishilganiga qaramay, mamlakat asosan 1960-yillarda qurilgan eskirayotgan va haddan tashqari yuklangan infratuzilma tufayli ishonchsiz elektr ta’minotidan aziyat chekyapti.
O‘zbekistonda energiyaga bo‘lgan talab esa 2019-yildagi 67 teravatt-soatdan 2030-yilda 120,8 teravatt-soatgacha oshishi kutilmoqda. Hukumat 2030 yilga qadar mavjud 12,9 GVt quvvatga qo‘shimcha ravishda 17 gigavatt (GVt) miqdorda elektr energiyasi ishlab chiqarish salohiyatini qurishni, jumladan, 8 GVt quvvatga ega qayta tiklanadigan energiya loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
— Ushbu loyiha O‘zbekistonga mamlakatning ortib borayotgan talabini qondirish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha energiyani ishonchli yetkazib berish imkonini beradi, — dedi OTBning Energetika bo‘yicha bosh mutaxassisi Sun Dak Kim.
OTB loyihasi, shuningdek, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ davlat taqsimlash kompaniyasining moliyaviy boshqaruv salohiyatini mustahkamlashga yordam beradi. Bundan tashqari, sohaga ayol mutaxassislarni tayyorlab berishni rag‘batlantirish maqsadi uchun ham 250 ming AQSh dollari miqdoridagi texnik yordam granti taqdim etiladi.
Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) qisman OTB tomonidan boshqariladigan 70 million yevro (taxminan 75 million AQSh dollari) miqdorida qo‘shma moliyalashtirishni taqdim etadi.
Ma’lumot uchun, ushbu qarz 25 yil muddatga beriladi va shundan 5 yillik muddati imtiyozli hisoblanadi. Loyiha 2023-yil oktyabr oyidan 2028-yilning mart oyiga qadar amalga oshiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter