O‘zbekiston elchixonasini Kiyevdan evakuatsiya qilish masalasi ko‘rib chiqilmayapti — TIV rasmiy vakili
O‘zbekiston elchixonasini Kiyevdan evakuatsiya qilish masalasi ko‘rib chiqilmayapti. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili ma’lum qildi. Hozirda diplomatik vakolatxona faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishi mamlakat fuqarolarini xavfsiz evakuatsiya qilishdir, dedi u.
Faol harbiy harakatlar olib borilayotgan Ukrainaning ayrim aholi punktlaridan, xususan, Xarkov, Sumi va Xerson shaharlaridan fuqarolarimizni evakuatsiya qilishda qiyinchiliklar yuzaga keldi. Ushbu shaharlardan fuqarolarni olib chiqish harbiy harakatlar to‘liq tugaganidan keyin tashkil etiladi, ungacha himoyalangan bunkerlarda qolish tavsiya etiladi.
Kiyevda va ayniqsa, uning chekka hududlaridagi murakkab vaziyatga qaramay fuqarolarimizni vokzalga yetkazish ishlari davom etmoqda. Kiyevdan g‘arbiy yo‘nalishdagi poyezd qatnovlari ham to‘xtatilmagan.
Ayni paytda O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi tomonidan fuqarolarimizni Lvov shahridan «Krakovets» nazorat-o‘tkazish punktigacha yetkazish tashkil etilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter