Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston delegatsiyasi «Payg‘ambar» masjidi oldidagi muzeyda bo‘lishdi

O‘zbekiston delegatsiyasi «Payg‘ambar» masjidi oldidagi muzeyda bo‘lishdi

O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Saudiyaga amaliy tashrif chog‘ida Madina shahridagi mashhur muzeylar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Joriy yil 15-17 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jamoat va diniy tashkilotlari bilan hamkorlik bo‘yicha maslahatchisi M.Komilov boshchiligidagi delegatsiya Saudiya Arabistoni Podshohligida bo‘ldi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Ushbu amaliy safar O‘zbekiston Prezidentining Samarqanddagi Imom al-Buxoriy majmuasida Imom Buxoriy hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi interaktiv muzey tashkil qilish tashabbusining ijrosi yuzasidan tashkil etildi.

Mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari Madina shahridagi «Payg‘ambar» masjidi ziyoratidan so‘ng ushbu masjid binosi arxitekturasini o‘rganishdi.

So‘ngra ushbu shahardagi «Payg‘ambar siyrati va islom sivilizatsiyasi xalqaro muzeyi» direktorining o‘rinbosari Yahyo Kinaiy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ya.Kinaiy O‘zbekistonda barpo etilayotgan «Imom Buxoriy hayoti va madaniy merosiga bag‘ishlagan muzey» qurilishiga kerak bo‘ladigan ma’lumotlarni taqdim etishga va o‘zaro tajriba almashishga tayyor ekanligini qayd etdi.

Suhbatdosh Saudiya Arabistoni hukumati va Butunjahon musulmonlari uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu muzeyning qurilishi va hozirgi faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi.

Muzeyning ko‘rgazma zallari, kutubxonasi va qo‘lyozmalar fondi faoliyati o‘rganildi. Jumladan, Muhammad (SAV) payg‘ambarning tarjimai hollari, xususan, Madina shahriga hijratlari, qurilgan masjidlar va ularning me’morchiligi bilan yaqindan tanishildi.

Ushbu muzey «Payg‘ambar» masjidi yaqinida joylashgan bo‘lib, u 2021 yilning 2 fevralida Butunjahon musulmonlari uyushmasi tomonidan barpo etilgan dunyodagi Islom muzeylarining birinchisi hisoblanadi.

Mazkur muzey arab, ingliz, ispan, urdu, fransuz, turk va indoneziya kabi yetti tilda ifodalovchi displeylar va interaktiv ekranlar orqali Islom olami tarixi va Payg‘ambar Muhammad (SAV) hayotlari bilan yaqindan tanishtiradi.

Muzey rahbariyatining ta’kidlashicha, ushbu muzey mazmuni «Islomning bag‘rikengligi va mo‘’tadilligini namoyish etish uchun dunyoning barcha hududlarida Payg‘ambarimizning to‘g‘ri yondoshuvini tarqatish mumkin bo‘lgan tarixiy merosi»ni o‘zida aks ettiradi.

Shu bilan birga, Saudiya Arabistoni Haj va umra vaziri o‘rinbosari Hasan Allamnaxra Butunjahon musulmonlari uyushmasi Bosh kotibi Muhammad bin Abdulkarim Isa bilan muloqot qilgani va uning quyidagi so‘zlarini yetkazishdan mamnunligini bildirdi:

«Saudiya Arabistoni zaminida O‘zbekiston delegatsiyasini qutlashdan behad mamnunman. Delegatsiyaning maqsadidan kelib chiqib, muzeyning barpo etilishiga oid ma’lumotlarni taqdim etishga va lozim bo‘lsa tegishli mutaxassislarni yuborishga tayyorman».

Mamlakatimiz delegatsiyasi Madina shahridagi «Dar al-Madinah» muzeyi faoliyati bilan ham tanishdi. Mazkur muzey Madina shahri merosi va tarixini turli arxeologik to‘plamlar, vizual galereyalar va Madina bilan bog‘liq nodir tasvirlar bilan namoyish etadi.

Ushbu muzey Saudiya Arabistoni fuqarosi Abdulaziz bin Abdurahmon bin Ibrohim Ka’kiy tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, u xususiy muzey hisoblanadi.

Muzeyda Madina shahrining madaniy merosini aks ettiruvchi hamda landshaft, odamlar va yillar davomida qanday shakllanganligini ko‘rsatuvchi 2000ga yaqin eksponat namoyish etiladi.

Muzey Madina shahrining tarixiga oid vizual galereyalar va noyob fotosuratlar to‘plamini o‘z ichiga oladi. Muzeydagi eng diqqatga sazovor buyum bu islomda mashhur kamonchi va Muhammad Payg‘ambarning hamrohlaridan biri bo‘lgan Saad ibn Abu Vaqosga tegishli kamondir.

O‘zbekiston delegatsiyasiga Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirining xalqaro hamkorlik bo‘yicha o‘rinbosari Hasan Allamnaxra hamrohlik qildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring