O‘zbekiston avgust oyida eng ko‘p oltin xarid qilgan davlatlar «to‘rtlik»ida

Ayrim davlatlarning markaziy banklari avgust oyida ketma-ket uchinchi oy oltin zahiralarini to‘ldirishdi.
Xalqaro oltin kengashi (WGC) ma’lumotlariga ko‘ra, oltinga xaridor davlatlarning markaziy banklari oy davomida global rasmiy zaxiralarga 77 tonna oltin qo‘shgan. Bu esa iyul oyidagi xariddan 38 foizga ko‘p.
So‘nggi uch oy ichida ularning umumiy sof xaridi 219 tonnani tashkil etdi (aprel va may oylaridagi umumiy sotuvlar 96 tonna bo‘lgan).
Oltin xaridi bo‘yicha, hisobot davrida, Xitoy Xalq banki o‘z zahirasini 29 tonna oltin bilan to‘ldirib birinchilikni, Polsha (18 tonna) va Turkiya (15 tonna) esa keyingi o‘rinlarni qayd etgan.
Xitoy Xalq banki, shu tariqa yil boshidan buyon jami 155 tonna, xarid bo‘yicha ma’lumotlarni ochiq e’lon qila boshlagan 2022-yilning noyabridan buyon esa jami 217 tonna oltin xarid qilgan.
O‘zbekiston Markaziy banki esa avgust oyida 9 tonna oltin xaridi bilan 4-o‘rinda.
Statistika agentligi avvalroq avgust oyida O‘zbekiston xorijga oltin sotishni to‘xtatgani va yil boshidan buyon qimmatbaho metallar eksportidan 5,63 milliard dollar daromad ko‘rilgani haqida ma’lumot bergan edi.
Ma’lumot uchun, avgust oyidagi xaridlarda Rossiya (3 tonna), Hindiston (2 tonna), Chexiya (2 tonna), Singapur (2 tonna) va Qirg‘iziston (1 tonna) ham ro‘yxat avvalida qayd etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter