Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lahm qazib Rossiya qamoqxonasidan qochgan o‘zbekistonliklarga hukm o‘qildi

Lahm qazib Rossiya qamoqxonasidan qochgan o‘zbekistonliklarga hukm o‘qildi

2024-yilning oktyabr oyida Rossiyaning Lipetsk viloyatidagi koloniyadan 37 metrlik tunnel qazib, qochib ketgan mahkumlarga sud hukmi o‘qildi.

Qochoqlar Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 313-moddasi («Bir guruh shaxslar tomonidan hibsxonadan qochish») bo‘yicha aybdor deb topilib, 4,5 yildan 12,5 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Sud tergovi byuayonnomasida aytilishicha, Lipetskdagi 2-sonli umumiy rejim koloniyasida jazo o‘tayotgan mahkumlar ikki oy davomida metall parchasi, metall quvur bo‘lagi, belkurak va kesuvchi disklardan foydalanib, tunnel qazishgan. 30 metrdan ortiq uzunlikdagi lahm koloniya panjarasi ostidan o‘tib, tashqariga ochilgan. 2024-yil 25-oktyabr kuni mahbuslar – besh nafar O‘zbekiston va bir nafar Tojikiston fuqarosi u orqali qochib ketishgan.

Besh kishi zudlik bilan hibsga olingan, oltinchisi o‘tgan yilning 6 noyabrida Tambov viloyatidan topilgan.

«Kommersant» gazetasi qochoqlar o‘z vatanlari – O‘zbekistonga qaytishni xohlayotgani haqida yozgan.

Holat yuzasidan koloniya xodimlariga nisbatan ham ehtiyotsizlik moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, ular bir yillik ish haqi miqdorida jarimaga tortiladi, 12 oygacha axloq tuzatish ishlari yoki uch oygacha qamoqqa olinishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring