Deputat: «O‘zbekiston 24» o‘zgarishi shart
Mamlakatimizda axborot uzatish, jurnalistika sohasida katta islohotlarga qadam qo‘yildi. Muntazam ravishda rasmiy, ishonchli, aniq ma’lumotlarni kechayu kunduz berib borish, aholini mamlakatdagi jarayonlardan xabardor qilish maqsadida Prezident qarori bilan «O‘zbekiston 24» telekanali tashkil etildi. Telekanal mamlakatdagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy va sport sohalarida yuz berayotgan hodisalarni tezkorlik bilan yoritib borishi, shuningdek, telekanalning xorijda ham muxbirlik punktlariga ega bo‘lishi maqsad qilindi. «O‘zbekiston 24» SD va HD formatlarida raqamli efir ijtimoiy paketiga kiritilishi, uning HD formatidagi translyasiyasi mamlakatda ushbu formatga to‘liq o‘tilgunga qadar parallel ravishda UzHD kanalida ham amalga oshirilishi ma’lum qilindi.
O‘sha kundan e’tiboran barcha viloyatlardagi telekanal bo‘limlari ham jiddiy ishga kirishdilar. Kuzatib boryapmizki, kanal doimiy ravishda informatsion ruhdagi mavzularda ko‘plab materiallarni, ko‘rsatuvlarni tayyorlab efirga bermoqda. Yurtimizda rasmiy ma’lumotlar, suhbatlar, brifinglar qiziqish bilan ko‘radiganlar ko‘p.
Telekanalning barcha xodimlari, jurnalistlarining mehnatlarini e’tirof etgan holda, katta minnatdorchilik bildirib, doimiy tomoshabin sifatida ayrim mulohazalarimni bildirib o‘tmoqchiman.
Bir necha kunlardan beri ijtimoiy tarmoqlarda «O‘zbekiston 24» telekanalining saviyasi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu fikrlarning hammasiga qo‘shilib bo‘lmasa-da, umumiy ohangda bildirilgan e’tiroz o‘rinli edi.
Asosiy bildirilgan e’tirozlar kanalning axborot uzatish sohasida tutgan yo‘liga nisbatan bildirilgan edi. Darhaqiqat, «O‘zbekiston 24» axborot berish tizimini o‘zgartirishi zarur. Kanalning boshqa aksariyat ko‘rsatuvlari haqida umumiy e’tiroz bildirayotganimiz yo‘q, axborot sohasida ham eng ishonchli, rasmiy manba sifatida hurmat qilamiz. Lekin tezkorlik masalasida oqsayotgani yaqqol namoyon bo‘lib turibdi. Ba’zan ayrim voqea, xabarlar haqida muddati o‘tgandan keyin axborot beriladi. Bu vaqtda qanchadan-qancha boshqa xabarlar oqimi tarmoqlarda oqib kelayotgan, jarayonlar kechayotgan bo‘ladi...
Tanqidiy munosabatlarda tilga olinganidek, go‘yoki jahonda, O‘zbekistonda boshqa hayot oqimi kechayotgandek, «O‘zbekiston 24» da esa tinch, osuda boshqa hayot kechayotgandek tasavvur uyg‘otishi ham shundandir balki. To‘g‘ri, mamlakatda kechayotgan ijobiy jarayonlarni albatta berish kerak, yutuqlarimizni ko‘rishimiz kerak, odamlarda amaga oshirilayotgan islohotlardan boxabarlik, kelajakka ishonch ruhi paydo bo‘lishi kerak. Shu bilan birgalikda, hayotiy materiallar, kamchiliklarimizni ham ko‘rishimiz kerak. Birov qiyshiq oyna olib bizga tutganidan ko‘ra, to‘g‘ri oynani o‘zimiz olib yuzimizni ko‘raylik.
Bugun axborot asrida yashayapmiz, gazeta-jurnallarda axborot tezkorligida internetga yeta olish imkoniyati yo‘qdir, biroq televideniyeda unga bas kelishga imkon bor. Teng kelganda ham ishonchli, rasmiy ma’lumot berish imkoni bor.
Voqea joyiga borib xabarlar tayyorlash, tezkorlik bilan uzatish ham mumkindir. Lekin bu telekanal tahliliy materialga ko‘proq o‘rin bersa, yaxshiroq natijaga erishiladi. Agar xabar tezkorligi, muhimligi jihatidan ahamiyatini yo‘qotgandan keyin ham efirga uzatiladigan bo‘lsa, kimningdir manfaatiga xizmat qilayotganday tasavvur uyg‘otishi ham mumkin.
Bu kanal ochilganda juda yaxshi maqsadlar qo‘yilgan, 24 soat davomida vatanimizda kechayotgan jarayonlar, yoniq nuqtalardan xabarlar tinimsiz uzatib turilishi nazarda tutilgan edi. Ammo istemolchilar bugun o‘z kutganlarini to‘liq ololmayaptilar. Demak, sohani isloh qilish kerak.
Bugungi kunda televideniye, bizningcha, eng ilg‘or axborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatiga ega. Raqamli televideniye joriy etilishi teletomoshabin ekran qarshisida qaysi kanalni qancha minut ko‘rib, keyin chiqib ketganini ham aniqlash imkoniyati yaratildi. Bir kunda kanalni nechta odam ko‘rayotganini bilsa bo‘ladi. «O‘zbekiston 24» kanali ana shu imkoniyatdan foydalanib, o‘z reytingini baholashi, agar tomoshabinlari boshqalarnikidan kam bo‘lsa, o‘z ustida ishlashi kerak.
«O‘zbekiston 24» davlat siyosatini to‘g‘ri aks ettiruvchi, vatandoshlar hayotidan hikoya qiluvchi rostgo‘y kanal, biz uning kelajagiga, eng kuchli kanallardan biri bo‘lishiga umid qilib qolamiz. Balki kadrlar siyosatini o‘zgartirish kerakdir, balki maqsadlarni boshqacharoq qo‘yish kerakdir. Ammo kanal faoliyatini takomillashtirish vaqti kelganini davrning o‘zi ko‘rsatib turibdi.
Gulbahor SAIDG‘ANIYeVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
«Adolat» SDP fraksiyasi a’zosi
Manba: adolat.uz
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter