Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston 2017-yilda qancha yengil avtomashina eksport qilgan?

O‘zbekiston 2017-yilda qancha yengil avtomashina eksport qilgan?

Foto: «uzavtosanoat.uz»

«O‘zavtosanoat» aksiyadorlik jamiyati tomonidan tizimda amalga oshirilayotgan ishlar, xorijiy sarmoyadorlar bilan hamkorlik, «GM Uzbekistan» avtomobil zavodida ishlab chiqarishni rivojlantirish, avtomobillar savdosining shaffofligini ta’minlashga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda «O‘zA» xabar berdi.

«O‘zavtosanoat» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi U.Salimov va boshqalar mamlakatimizda avtomobilsozlikni rivojlantirish, mazkur yo‘nalishda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish borasidagi ishlar yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.

Matbuot anjumanida aytilishicha, o‘tgan yil «GM Uzbekistan» AJda 140 ming 247 dona avtomobil ishlab chiqarilgan bo‘lib, 2016-yil bilan taqqoslaganda o‘sish hajmi 59 foizni tashkil etgan. Samarqand avtomobil zavodida esa o‘tgan yilda 3 ming 600 dona yuk avtomobili va avtobuslar ishlab chiqarilgan. O‘sish hajmi 5,5 foizni tashkil etgan. «JV MAN Auto Uzbekistan» qo‘shma korxonasida esa 1 ming 200 dona yuk avtomobili va avtobuslar ishlab chiqarildi.

Yurtimizda ishlab chiqarilayotgan yengil va yuk avtomobillari, avtobuslar ichki ehtiyojdan tashqari xorijiy davlatlarga ham eksport qilinmoqda.

– 2017-yili 26 ming 800 yengil avtomashinani eksport qildik, – deydi «O‘zavtosanoat» AJ raisi o‘rinbosari A.Musayev. – Avtomashinalarning asosiy qismi Rossiyaga yetkazib berilmoqda. Bu mamlakatda «Ravon Nexia R3» eng ommabop va xaridorgir avtomashinalar sirasiga kiradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring