O‘zbekiston texnoparklarini rivojlantirishda Turkiya tajribasidan foydalaniladi
Turkiya Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshlig‘i Olimjon To‘ychiyev hamda Istanbul universitetining «Entertech» texnoparki bosh direktori Yasin Erol o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida Turkiya texnoparklarining ishlash mexanizmlari, ularni boshqarish tizimi, texnoparklarni samarali tashkil etish va rivojlantirish hamda ularning unumdorligini oshirish bo‘yicha fikrlar almashildi, kerakli tavsiyalar olindi.
Shuningdek, Istanbul universiteti texnoparki mutaxassislari 2019 yil sentyabr oyida Toshkent shahriga kelib, soha xodimlari uchun mahorat darslarini o‘tib berishlariga kelishildi. Bo‘lajak tashrif davomida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi «Yashnobod» innovatsion texnoparki hamda Istanbul universitetining «Entertech» texnoparki o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolanishi kutilmoqda. Hamkorlik doirasida O‘zbekistondan Turkiyaning «Entertech» texnoparkiga tajriba orttirish maqsadida mutaxassislar jo‘natiladi va texnologiyalar transferi sohasida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Istanbul universitetining «Entertech» texnoparki 2011 yili Istanbul universitetining «Avcilar Campus»ida tashkil etilgan bo‘lib, uning maqsadi innovatsiya va AKT sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan kompaniyalarga qulay infratuzilma yaratib berishdan iboratdir. Bugungi kunda texnopark oliy o‘quv yurtlar, ilmiy tadqiqot institutlari, va ishlab chiqarish sektori bilan texnologik bilimlar olish, sifatli va qulay standartlashtirilgan mahsulotlar yaratish, ishlab chiqarish unumdorligini oshirish, mahsulotlar tannarxini pasaytirish hamda kichik va o‘rta biznes vakillari faoliyatini hozirgi yangi muhitga moslash uchun faol hamkorlik aloqalarini o‘rnatmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter