«O‘zbekgidroenergo» va bir qator tashkilotlar Prezidentga yangi loyihalarni taqdim qilishdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 10-yanvar kuni Chirchiq shahridagi «O‘zbekkimyomash» aksiyadorlik jamiyatida bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari bu yerda yangi loyiha bilan tanishdi. Loyihada mavjud metall quyish quvvati 1,7 ming tonnadan 4 ming tonnaga oshiriladi. Mahsulot sifati yaxshilanadi, energiya va mehnat resurslari tejaladi.
Prezident shu yerda Chirchiq shahrini shaharsozlik normalari asosida qayta qurish loyihasi bilan tanishdi. «Chirchiq markaziy dehqon bozori» MChJni rekonstruksiya qilish loyihasiga ko‘ra, yangi tipdagi zamonaviy bozor tashkil qilinadi.
Loyihalarda shahar markaziy istirohat bog‘ini rekonstruksiya qilish, Chirchiq daryosi bo‘yida zamonaviy sayilgoh qurish, Chirchiq davlat pedagogika hamda jismoniy tarbiya institutlarini zamonaviy o‘quv maskaniga aylantiriladi.
Shu yerda «O‘zbekgidroenergo» AJ tomonidan innovatsion g‘oya va yangi texnologiyalar asosida Pskent, Chorbog‘ gidroelektr stansiyasini qurish hamda uning barqaror va xavfsiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha investitsiya loyihasi taqdim qilindi.
Prezidentga «Chirchiq qishloq xo‘jaligi zavodi» hududida amalga oshiriladigan qishloq xo‘jaligi mashinasozlik sohasini rivojlantirish dasturi haqida ma’lumot berildi.
Prezidentga qishloq xo‘jaligining mashinasozlik sohasida resurs tejaydigan agrotexnologiyalarni joriy etishni ta’minlaydigan zamonaviy, unumdorligi yuqori qishloq xo‘jaligi texnikasi va mexanizatsiya vositalarini ishlab chiqarish yuzasidan qilinadigan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter