Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbek «Puankare»si Ispaniya TVsida ko‘rsatiladi

O‘zbek «Puankare»si Ispaniya TVsida ko‘rsatiladi

Suratda: «Puankare» badiiy filmidan lavhalar. Ssenariy muallifi: Abduqayum Yo‘ldoshev, rejissyor: Muzaffar Erkinov.

Ispaniya qirolligining Barselona shahrida XI Osiyo filmlari Barselona kinofestivali bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi «O‘zbektelefilm» davlat muassasasi tomonidan suratga olingan «Puankare» va «Aydinlar» badiiy filmlari ishtirok etdi.

E’tiborlisi, Markaziy Osiyo davlatlaridan faqat «Puankare» Osiyo davlatlari tomonidan yuborilgan 100 dan ortiq badiiy film orasidan saralab olingan. U kino ishlab chiqarish borasida Osiyo mintaqasida yuqori nufuzga ega Yaponiya, Avstraliya, Xitoy, Koreya, Hindiston va Eron kabi davlatlarda suratga olingan va asosiy ko‘rikning «rasmiy bo‘limi»ga kirgan filmlar orasidan joy egalladi. Asosiy ko‘rikning «maxsus bo‘limi»da esa Markaziy Osiyo davlatlarida ishlab chiqarilgan «Aydinlar» (O‘zbekiston) hamda «Aka-ukalar» (Qozog‘iston) filmlari qatnashdi.

Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekistondan yuborilgan boshqa filmlar festivalning ko‘rikdan tashqari «Panorama» hamda «Seccio Netpac» bo‘limlarida ishtirok etdi. Unda «Puankare» badiiy filmi asosiy mukofotlardan biri bo‘lmish «RIO BRAVO AWARD»ni qo‘lga kiritdi. Ushbu mukofotni qo‘lga kiritgan film ijodkorlarining keyingi yillarda suratga oladigan bitta badiiy filmi treyleri butun jahonda targ‘ib qilinadi.

Yana bir e’tiborli jihati shundaki, mazkur kinofestivalda «Puankare» hamda «Aydinlar» filmlarining «Yevropa namoyishi» bo‘lib o‘tdi. Hakamlar hay’ati va tomoshabinlar iliq fikrlar bildirishdi. Xususan, «CASA ASIA» – Osiyo davlatlari madaniyatini dunyoga targ‘ib qiluvchi tashkilot rahbari, ispan faylasufi, san’atshunosi va zamonaviy Yevropa va Osiyo san’ati bo‘yicha ixtisoslashgan tadqiqotchi, shuningdek, «Osiyo filmlari Barselona kinofestivali» direktori Menene Gra Balager kelgusida ushbu filmlarning boshqa kinofestivallardagi ishtirokini ta’minlashga va’da berdi. Shuningdek, Ispaniya televideniyesi taklifiga ko‘ra, «Aydinlar» va «Puankare» badiiy filmlarini Ispaniya telekanalida bir yil davomida shanba va yakshanba kunlari namoyish etish borasida kelishib olindi.

A.Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring