Otaga ko‘tarilgan qo‘l

Bizga bolalikdan har bir insonning Yaratganni tanishi va faqat Undan madad so‘rashi, ota-onaga hurmat, kichiklarga izzatda bo‘lish kerakligini qon-qonimizga singdirib kelishgan. Ayniqsa, oilada otaning hurmatini joyiga qo‘ymoq farzi ayn hisoblangan. Avvallari bola ota o‘tirgan uyning tomini kurashi (qor yoqqanda) beodoblik sanalgan ekan.
Kamina mulla bo‘lgan otam o‘qigan kitoblarni tinglaganimda, Ya’qub, Yusuf alayhissalomlardan yozib qoldirilgan kechmishlaridan bu haqda ko‘p eshitganman. «Otang tentak bo‘lsa, boylab boq» degan naql bor. Bularning hammasi bizni bunyodga keltirgan, yedirib-ichirgan, voyaga yetgazgan ota atalmish insonga har qancha hurmatimiz, xizmatimiz kamligini anglatadi.
Afsuski, hali ham oramizda imoni mujmal, kelajakni o‘ylamaydigan o‘g‘illar uchrab turadi. Isboti uchun o‘zim duch kelgan bir voqeani so‘zlab beray.
Xo‘jalikda ishlab yurgan paytlarimda bir qo‘shnim bo‘lardi. Daromadi katta edi shekilli, tezda boyib ketdi. Bosar-tusarini bilmay qoldi. Yuz-ikki yuzta qo‘y oldi. Qari otasi bor edi, shu qo‘ylarga qarardi. Men avvallari bir-ikki marta otasini, qo‘yga qaramayapsan, deb jerkiganini eshitgandim. Bir kuni esa...
Ertalab tursam, g‘ovur-g‘uvur ovoz eshitilyapti. Tinchlik emas-ov deb o‘tib bordim. Boyvachcha qo‘shnim, nega qo‘yni barvaqt haydamading, deb otasini uryapti! O‘zining otasini!
– Hoy, nima qilyapsiz? – deb yugurib bordim. – Bu kishi otangiz, axir! Qo‘ylarni boqayotgan bo‘lsa, yana nima qilsin? Oxiri yaxshi bo‘lmaydi.
Boyvachcha qo‘shnim menga ham xezlandi:
– Tur, yo‘qol! Sen kimsan, menga aql o‘rgatadigan? Hozir seniyam abjag‘ingni chiqaraman.
Otasini bilmagan bu nonko‘rga so‘zim hayf ekanini bildim va ichimda ming dard bilan orqaga qaytdim. Shu-shu, u ko‘zimga balodek ko‘rinadigan bo‘ldi, ko‘zim tushsa, kayfiyatim buzilardi. Ammo dunyoni mol bilan o‘lchovchilar uchun bu qo‘shnim hurmat-ehtiromga sazovor odam edi...
Yillar o‘tdi. Uning otasi ko‘pga bormay o‘lib ketdi. Qo‘shnim qator-qator qo‘ylar so‘yib, ma’rakalarini o‘tkazdi. Yana yillar o‘tib, o‘zi ham keksaya boshladi. Asta-sekin otasining holiga tushdi. Bolalari shu tarbiya bilan o‘sgan-da! Oxiri nima bo‘ldi, deng!
Bir kuni ertalab tursam, hovlimizda dusur-dusur. Oldinda o‘sha qo‘shnim, orqasidan ikkinchi o‘g‘li o‘roq bilan quvlayapti. Yo, tavba, dedim. Qo‘shnim bechora najot istab, hovlimizga qochib kirgan ekan. Jon holatda chopdim. Molxonaga yetganda o‘g‘il otasini urib yerga yiqitdi.
– Hoy uka, nima qilyapsan, axir bu otang-ku!? – dedim yetib borib.
– Siz aralashmang, nari turing, – o‘dag‘ayli o‘g‘il. – Aks holda sizga ham yomon bo‘ladi.
Turgan joyimda karaxt bo‘lib qoldim. Avvallari «qirq yilda qaytadi» deyishardi. Bularniki yigirma yilga ham bormadi.
Bola otasini nimadir deb turtar, ota esa ko‘zi to‘la jiqqa yosh, menga qaragancha javdirab najot kutardi...
Abdug‘affor Shodmonqulov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter